Samiraning ota-onasi ajrashib ketishgach, opasi ikkalasi onasi bilan qoldi. Roʻzgʻor yuki onasi Fazolatga tushganidan keyin farzandlarini boqish, ularni ki­yintirish uchun mablagʻ topishga Rossiyaga ishga ketdi. 

Samira onasi ketgach, tushkunlikka tushib qoldi. Buvisining qoʻlida onasiz siqildi. Oilasi oʻrtoqlarinikiday emasligidan ezildi. Vaqtini xushnud oʻtkazish uchun koʻchada koʻp yuradigan, baʼzan uyga kelmaydigan yangi odatlar chiqara boshlagach, buvisi ichki ishlar idoralariga murojaat qildi. 

Samirani viloyat IIB JXX HPB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam berish markaziga olib ke­lishdi. U bilan profilaktik suhbatlar olib borildi. Ayniqsa, Markazdagi tikuvchilik toʻgaragi unga maʼqul tushdi. Oʻsmir qizga ona tarbiyasi, mehri kerakligini tushungan markaz xodimlari onasi Fazolat opani xorijdan qaytib kelishga koʻndirdi. Shundan soʻng, Samira yana oilasi, onasining bagʻriga qaytdi. 

– Mehrsiz, qarovsiz, chorasiz qolgan bunday bolalar har doim yordamga muhtoj boʻladi, – deydi markaz psi­xologi kapitan Mohida Joʻrayeva. – Biz imkon qadar ularga yordam berishga, ruhan qoʻllab-quvvatlashga harakat qila­yapmiz. Shukrki, bu saʼy-harakatlarimiz besamar ketayotgani yoʻq. Chunki qanchadan-qancha bolalar­ning toʻgʻri yoʻlga solib, yana oilasi bagʻriga qaytishiga erishayapmiz.

Birgina joriy yilning oʻzida markaz­ga nazoratsiz va qarovsiz qolgan 

174 nafar voyaga yetmagan kel­tirilgan boʻlsa, ularning 2 nafari ixtisoslashgan maktabga, 2 nafari oʻgʻil bolalar uchun moʻljallangan yopiq turdagi taʼlim muassasasiga joylashtirildi. Yana 

15 nafari vasiylik va homiylik asosida oilalarga berildi. 155 nafari esa oilasiga qaytarildi. 

Darvoqe, markazda tarbiyalanuv­chilar uchun pazandachilik, sartaroshlik va tikuvchilikni oʻrgatuvchi ustaxonalar tashkil etilgan boʻlib, unda bolalar hunar ham oʻrganayotgani quvonarli. 

– Hunar oʻrgangan bolaning meh­natga ishtiyoqi uygʻonadi. Boʻsh vaqtini foydali ishga sarflaydi. Bu esa bolalarning oʻziga boʻlgan ishonchni kuchaytiradi va sogʻlom hayotga qaytishiga yordam beradi, -deydi Mohida Joʻrayeva.

Markazda tarbiyalanib, oilasi bagʻriga qaytgan bolalarning barchasi keyinchalik ham bir yil davomida nazoratda boʻladi. Ular­ning xulq-atvori, oilasidagi vaziyat doimiy ravishda monitoring qilib boriladi.  

Farzand aziz, tarbiyasi undan-da aziz deydi xalqimiz. Har bir bolaning yaxshi tarbiya olishi, ilm oʻrganib, kelajakda jamiyatga nafi tegadigan inson boʻlib yetishishi uchun barchamiz masʼulmiz.  

Feruza Rahmonqulova,

oʻz muxbirimiz.