– Joriy yilning 3-aprel kuni mahallani aylanib yurganimda, bir ayolning baqir-chaqiri eshitildi. Zudlik bilan tovush kelgan tomon yugurdim. Borsam, yigirmaga yaqin fuqaro toʻplangan, ayol esa 4–5 yashar bolani qoʻlidan qoʻymay «yordam beringlar»dan nariga oʻtmayotgandi. Shoshganimdan barmoqlarim bilan tilini oldinga tortdim va bolani oilaviy shifokorlik poliklinikasiga olib bordim. Tezda tibbiy yordam koʻrsatilgani bois bolaning hayoti saqlab qolindi.
Keyin maʼlum boʻlishicha, rozmozlik O.Boltayeva besh yoshli Shahboz ismli nabirasining isitmasi koʻtarilgani bois poliklinikaga olib kelgan ekan. Shifokorlar muolaja qilishib, isitmasini tushirishadi. Shundan xursand boʻlib, buvi nabirasi bilan kabobxoʻrlik qilmoqchi boʻlishadi. Hali oshxonaga kirmasdan, yana nabiraning tobi qochib qoladi...
Lavhamiz qahramoni Vobkent tumani IIB JXX HPB profilaktika inspektori lavozimida xizmatni boshlaganiga koʻp boʻlgani yoʻq. Kasb sirlarini unga tuman IIB boshligʻi oʻrinbosari, mayor Aziz Rahmonov va HPB boshligʻi, kapitan Sherzod Saidov hamda profilaktika katta inspektori, kapitan Ramiz Bozorovlar ustozlik qilib, tizimning oʻziga xos jihatlari, ish yuritish tartibidan saboq berishdi.
– Muzaffarjon yosh boʻlishiga qaramay, xushmuomalaligi, fuqarolar koʻngliga yoʻl topa olishi, kerak boʻlganda qatʼiyatliligi bois koʻpchilikning ishonchini qozongan, – deydi mahalla raisi Jobir Hotamov. – Shuning uchun ham katta-yu kichik har qanday masala boʻyicha unga tortinmay murojaat qiladi. Zarur boʻlgan paytda yoʻl-yoʻriqlar, maslahatlar olishadi.
U mahalla yettiligi va faollari bilan 1200 ga yaqin xonadonlarning issiq-sovugʻidan xabardor boʻlish bilan birga, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, obodonlashtirish ishlariga kamarbasta boʻlib kelishyapti. Bundan tashqari, ayni paytda profilaktik hisobga olingan 19 nafar muqaddam sudlangan va spirtli ichimlikka ruju qoʻygan shaxs bilan muntazam suhbatlar oʻtkazib boryapti. Shuningdek, arzimas sabablarga koʻra janjal koʻtarib, qoʻshnilar tinchini buzadigan odamlar ham doimiy nazoratda. Yana
12 ta oila-turmush doirasidagi oilaviy janjalkash profilaktik hisobga
olingan boʻlib, ularni ham yarashtirish choralari koʻrildi.
– Oʻgʻlimiz Muzaffarjon yosh bir bolaning hayotini saqlab qolgani uchun shunday oʻgʻlim borligidan faxrlanaman, – deydi otasi Elmuhammad aka gʻururlanib.
Mirzoqul AHADOV,
oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
