Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi, 210 nafar bolalarga moʻljallangan Toshkent shahrida joylashgan 5-son «Navroʻz» nomli maktabgacha taʼlim tashkiloti 1995-yildan beri faoliyat koʻrsatib, 2010-yilda joriy taʼmirlangan edi. Kuni kecha ushbu tashkilotning bugungi kun talabi boʻyicha rekonstruksiya qilinib, zamonaviy jihozlanib, foydalanishga topshirilishi boʻyicha tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari – Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻi general-mayor Davron Nazarmuhamedov ishtirok etib, davlatimiz rahbari tomonidan yosh avlodni har tomonlama yetuk shaxs qilib voyaga yetkazish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshi­rilayotganini, taʼkidladi.

Mazkur bogʻchada 8 ta bolalar guruhi uchun xonalar, yozgi basseyn, har bir guruh uchun alohida yozgi ayvon­chalar, oshxona, musiqa zali, keng oʻyin maydonchasi, yoʻl harakati qoidalari boʻyicha mahsus oʻquv amaliy maydoncha barpo etildi. Bundan buyon, bogʻchada 240 nafar bolajonga munosib taʼlim tarbiya berish uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilganligi taʼkidlab oʻtildi. Vazirlik rahbariyatining tashabbusi bilan taʼlim tashkilotiga qoʻshimcha milliy musiqa asboblari, 75 dyuymli proyektor, 20 million soʻmlik kitob va bolalar uchun oʻyinchoqlar toʻplami hamda xizmatda foydalanish uchun «Damas» avtomobilining kaliti toshirildi. Tadbirdan soʻng barcha mehmonlar bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. 

Abu KENJAYEV,

oʻz muxbirimiz.