Toshkent shahar IIBB HPB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida voyaga yetmaganlarni qabul qilish, vaqtincha saqlash hamda tarbiyaviy-profilaktik tadbirlarni oʻtkazish va bolalarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish ishlari olib borilmoqda.

Markazga qarovsiz, adashgan, bedarak yoʻqolgan, ijtimoiy va boshqa xavf ostida qolgan, odam savdosi qurboni boʻlgan, oʻz uyidan oʻzboshimchalik bilan chiqib nazoratsiz yurgan va yordamga muhtoj boʻlgan 3 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar qabul qilinib, ularning shaxsi aniqlanib, kelgusi taqdirlarini ijobiy hal etishda prokuratura idoralari, vasiylik va homiylik organlari, idoralararo voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komis­siya­lar va boshqa tegishli organlar bilan hamkorlikda yashash joylari, mehribonlik uylari hamda boshqa davlat taʼlim-tarbiya muassasalariga topshirish ishlari amalga oshirib kelinmoqda.

Shuningdek, oʻsmirlar va bolalar psixologiyasining muhim aspektlari, xulq-atvori qiyin bolalar bilan ishlash va mehnat muhojirlarining respublikaga qaytarib olib kelingan farzandlari kelgusi taqdiri monitoringi va bu borada tegishli xulosalar berish yoʻnalishida, Oʻzbekistondagi BMTning Xalqaro Bolalar fondi UNICEF bilan hamkorlik ishlari toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu yoʻnalishda oʻquv seminar-trening mashgʻulotlari muntazam ravishda oʻtkazib kelinmoqda. 

Markazda voyaga yetmaganlarni oʻqitish, ularda hayotiy koʻnikmalarni shakllantirish, dunyoqarashini kengaytirish, mehnatga yoʻnaltirish borasida alohida dasturlar ishlab chiqilgan. Markaz binosi 110 nafar bolaga moʻljallangan boʻlib, hozirda qabul qilish sigʻimini koʻpaytirish borasida taʼmirlov ishlari olib borilmoqda. 


Abror POYONOV,

oʻz muxbirimiz.