Sharof Rashidov tumanining Bobur Mirzo nomli mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Sh.A. pul uchun har qanday qabihlikdan toymaydiganlar toifasidan. Jumladan, ora-sira Turkiya va Rossiyaga «tirikchilik» vaji bilan chiqib turadigan ushbu shaxs Moskvada bir muddat ijtimoiy tarmoq orqali narkotik va psixotrop moddalar savdosi hamda ushbu vositalarni «mijoz»larga yetkazish bilan shugʻullandi.

Bu ham yetmaganidek, u odamfurushlik ortidan pul topmoq tashvishiga tushib qoldi. Chunonchi, oʻzining doimiy yashash manziliga qaytgach, fohishalik bilan shugʻullanish uchun odam yollay boshladi. Bu haqida xabar topgan viloyat IIB TQX JQB UJQKB odam savdosiga qarshi kurashish boʻlinmasi xodimlari fuqaroni kuzatuvga olishdi.

Mazkur jarayonda u Jizzax shahrining «Kimyogar» mahallasida vaqtinchalik roʻyxatda turib, yashovchi S.J. hamda Gʻallaorol tumanining «Baxt» mahallasida istiqomat qiluvchi S.P.ni oyiga 2–3 ming AQSH dollaridan pul topishlariga ishontirib, Rossiya Federatsiyasida fohishalik qilishga koʻndirganligi aniqlandi. 

Natijada gumon qilinuvchi ikki nafar ayolni aeroportga olib ketayotganida qoʻlga olindi. Shundan soʻng Sh.A.ning uyali aloqa vositasi koʻzdan kechirilganida jinsiy qullik uchun olib ketilayotganlarning fotosuratlari topildi. Tergovga qadar surishtiruv davomida gumon qilinuvchi qizlarning suratlarini ijtimoiy tarmoqqa joylamoq niyatida olganligini bildirdi.

Joriy yilning oʻtgan davrida boʻlinma ayni mazmundagi uchta jinoyatni fosh etdi. Bundan tashqari, mahalla fuqarolar yigʻinlari, oʻquv muassasalari, shuningdek, temiryoʻl bekatlarida odam savdosiga qarshi 50 dan ortiq targʻibot tadbirlari oʻtkazildi. Mazkur jarayonda fuqarolar xorijiy davlatlar qonunchiligi, yuzaga kelish mumkin boʻlgan xatarlar hamda koʻmak olish mumkin boʻlgan tashkilotlarga oid tarqatmalar bilan taʼminlanyapti.  

Shuningdek, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda profilaktik chiqishlar qilinmoqda. Qolaversa, chet elda uzoq muddat boʻlgan shaxslar bilan muloqotlar oʻtkazilmoqda. 

Sodiq QOʻCHQOROV,

mayor.

Jizzax viloyati.