Joylarda boʻlib oʻtayotgan “Bilimlar kuni” tadbirlarida ichki ishlar organlari xodimlari yoʻllarda harakat xavfsizligi, jamoat tartibini taʼminlash bilan birga, mustaqillik darslarida ham ishtirok etib, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga oʻz hissalarini qoʻshmoqdalar. Jumladan, Buxoro shahridagi 23-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻtkazilgan tadbirda viloyat IIB boshligʻi, polkovnik M.Miralimov ishtirok etib, oʻquvchilarni yangi oʻquv yili boshlanganligi munosabati bilan tabrikladi. Birinchi sinf oʻquvchilariga Prezident sovgʻalarini topshirdi.

IIV Buxoro akademik liseyida ham yangi oʻquv yilining boshlanishi munosabati tashkil etilgan tadbirda viloyat IIB mutasaddilari qatnashib, oʻquvchilarni yangi oʻquv yili bilan qutlashdi. Sinflarda oʻtilgan “Mustaqillik darslari”da ishtirok etishib, oʻquvchilarga Vatan madhi, istiqlol bergan neʼmatlar va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida soʻzlab berishdi.

Viloyatning barcha hududlarida oʻtkazilgan “Bilimlar kuni” tadbirlari doirasidagi “Mustaqillik” darslarida hududiy ichki ishlar organlari rahbarlarining barchasi ishtirok etdi.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.