Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashining navbatdagi 73-sessiyasida viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Sh.Aliyevning hisoboti tinglandi. Hisobotda taʼkidlanishicha, viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish, barvaqt oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini joylarda tizimli tashkil etish, jamoatchilik bilan aloqalarni kuchaytirish, jamoat tartibi va aholi xavfsizligini taʼminlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilib, ijobiy natijalarga erishilgan. Jumladan, 2022-yilda viloyatda 5 ming 175 ta jinoyat qayd etilib, oʻtgan yilga nisbatan 92 taga yoki 1,8 foizga kamaygan. Qayd etilgan jinoyatlarning 100 ming aholi soniga nisbati oʻrtacha 261,8 tadan toʻgʻri kelgan va bu koʻrsatkich 2021-yilga nisbatan 3,2 taga kamayishiga erishilgan. Roʻyxatga olingan jinoyatlarning 30,2 foizi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tashabbusi bilan aniqlangan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida oʻtgan yilda viloyatdagi 544 ta mahallaning 252 tasi jinoyat sodir etilmagan. Jami qayd qilingan jinoyatlarning oʻsish surʼati barcha tuman va shaharlarda kamayganligi alohida taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, yoshlar, ayollar va voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni sezilarli kamayishiga erishilgan. Qolaversa, viloyatning ayrim mahallalarida aholi soni 8 mingdan ortiq ekanligi, mahallalar hududida savdo obʼektlari, taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlarning ham mavjudligi, bu esa profilaktika inspektorining ish hajmiga oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmayotganligi, buning natijasida mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha profilaktik ishlar yetarli darajada tashkil etilmayotganligi oqibatida mazkur hududlarda kriminogen vaziyat yuqoriligicha qolmoqda. Bularni hisobga olganda, Buxoro shahri, Buxoro, Gʻijduvon, Kogon, Qorakoʻl va Shofirkon tumanlaridagi 22 ta mahalla hududiga 1 nafardan profilaktika inspektori shtat birliklarini joriy etishni taqozo qilmoqda.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.