Xalq deputatlari Buxoro viloyat kengashining 79-sessiyasida sektor rahbarlari qatori, viloyat IIB boshligʻi, polkovnik M.Miralimov ham bayonot berdi. Bunda asosan boshqarma va uning quyi tizimlarida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda 4 oy mobaynida hududlarda sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilindi. Har bir jinoyatni mahallaning oʻzida sektor rahbari va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida taʼsirchan muhokama qilish va kelgusida jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni belgilash borasida soʻz yuritildi.
Profilaktik tadbirlar davomida huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslarga alohida eʼtibor qaratilib, ichki ishlar organlari hamda sogʻliqni saqlash muassasalarining profilaktik hisobida turgan 46 mingdan ortiq shaxslarning har biri bilan manzilli ishlar tashkil etilgani hamda ular bilan suhbatlashish jarayonida aniqlangan ijtimoiy-maishiy muammolar ijobiy hal qilingani natijasida viloyatdagi 544 ta mahallaning 325 tasida jinoyat sodir etilmaganligi taʼkidlab oʻtildi. Shuningdek, viloyatda yoʻl infratuzilmasini yaxshilash, yangi yoʻl belgilari oʻrnatish va yoʻl chiziqlarini yotqizish natijasida yoʻl harakati ishtirokchilariga qulayliklar yaratish barobarida, inson taqdiri, uning hayoti va sogʻligʻini asrashda ijobiy natijalarga erishilayotganligi aytib oʻtildi. Jumladan, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida viloyatda 55 ta YTH qayd etilib, bu koʻrsatgich oʻtgan yilning shu davriga qadar 28 taga yoki 33,7 foizga kamayganligi aytildi. Bundan tashqari, oʻlim bilan bogʻliq YTH 2 taga hamda tan jarohati bilan bogʻliq YTH soni 26 taga kamaygan.
Sohada amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish borasida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan. Tegishli soha rahbarlari va mutasaddilar tomonidan ushbu yoʻnalishdagi ishlarni tashkil etishda sustkashliklarga yoʻl qoʻyilganligi natijasida 2023 yilning 4 oyi mobaynida viloyatda jami 1 ming 415 ta jinoyat qayd etilib, oʻtgan yilga nisbatan 21 taga yoki 1,5 foizga, shundan jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 68 taga yoki 7,8 foizga koʻpaygan. Sodir etilgan jinoyatlarning 702 tasi yoki 49,6 foizi Buxoro shahri, Gʻijduvon va Buxoro tumanlari hissasiga toʻgʻri kelib, ushbu hududlarda jinoyatlar salmogʻi yuqoriligicha qolmoqda.
Mahallalarda olib borilayotgan profilaktik tadbirlarga qaramasdan, “qizil” toifaga kiritilgan mahallalar soni ortib bormoqda. Joriy aprel oyi holatida bunday mahallalar soni 93 tani hamda “sariq” toifadagi mahallalar soni 126 tani tashkil etmoqda. Shuningdek, viloyatda joriy yilning 4 oyi davomida yoshlar, voyaga yetmaganlar va xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar sonining ham oshgani qattiq tanqid ostiga olindi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.
