Hayot inson uchun berilgan imkoniyat. Undan oʻzining tafakkuri, yoniq qalbi bilan toʻgʻri foydalangan inson bejiz, beiz yashamagan boʻladi. Mamlakatimiz Ichki ishlar vazirligi tizimida uzoq yillar sadoqatli xizmat qilgan, sohada kadrlar tayyorlashda alohida tashabbus koʻrsatgan yuridik fanlar doktori, professor, militsiya general-mayori, Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist Ubaydulla Tojixonov ana shunday fidoyilardan edi.
Ubaydulla Tojixonov 1940 yil 1sentyabrda Qozogʻiston Respublikasining Chimkent viloyati Sayram tumanidagi Sayram qishlogʻida, ziyoli oilasida tavallud topgan. Ota-onasi bergan taʼlim-tarbiya, oʻzining huquqshunoslikka boʻlgan qiziqishi va saʼy-harakati uni ichki ishlar organlari xodimi boʻlishga undaydi. Dastlab, 1957–1959 yillarda Toshkent oʻrta maxsus militsiya maktabida, keyinchalik, 1959–1965 yillarda Toshkent davlat universitetining yuridik fakultetida sirtdan tahsil oladi. Tanlagan kasbiga astoydil mehr qoʻygan Ubaydulla Tojixonov oʻqib yurgan paytlaridayoq tajribali xodimga aylanib ulgurgandi. Va bu tajriba u 1959–1982 yillarda Toshkent va Namangan viloyati ichki ishlar organlarida oddiy xodimdan to rahbarlik lavozimlariga qadar boyiydi.
Pedagoglik va ilmiy faoliyatini 1982 yilda sobiq ittifoq Ichki ishlar vazirligi Toshkent oliy maktabining maʼmuriy huquq kafedrasida oʻqituvchilikdan boshlagan Ubaydulla Tojixonov keyinchalik mazkur kafedrada katta oʻqituvchi, kafedra boshligʻining oʻrinbosari etib tayinlandi.
1986 yil 6 mart kuni toʻsatdan Gdlyan va Ivanovlar guruhi kuppa-kunduzi Toshkent oliy maktabida hammaning koʻz oʻngida Ubaydulla Tojixonovning qoʻllariga xuddi xavfli jinoyatchi kabi kishan solib, hudud boʻylab namoyishkorona qamoqqa olib ketishadi. Soʻroqlar paytida tergovchi Ivanov doim U. Tojixonovdan nolir, hech qanday maʼlumot bermayotgani uchun ham qamoqda oʻtirganini eslatishdan erinmas, bu «xato»ni tuzatish mumkin, deb taʼkidlar edi. Gdlyanchilar unga bir roʻyxatni koʻrsatib, mana shu kishilarning hammasiga pora berganman, deb maʼlumotnoma yozib, guvohlik berishini qayta-qayta taklif etishgan. Maʼlumot ololmagach, U. Tojixonovni Moskvaning eng «taniqli» qamoqxonalarida saqlanayotgan retsidivistlar bilan bir kameraga joylashtirib, qiynoqqa solishgan. Retsidivistlar uning oʻng qoʻli kaftining qoq oʻrtasiga bigiz qoqishdek xudbinlikkacha borishgan. Ubaydulla Tojixonov qiyinchiliklarga sabr, iroda bilan chidaydi, roppa-rosa uch yilu yigirma uch kun qamoqda yotadi. Qora kunlar ortga chekinib, 1989 yilda unga yogʻdirilgan ayblovlar olinib, toʻliq oqlanadi. Uning bekor qilingan unvonlari qaytarib beriladi va lavozimiga tiklanadi.
Oʻrmonga oʻt ketsa, hoʻlu quruq barobar yonadi, deganlaridek, Ubaydulla Tojixonovga otilgan boʻhton va tuhmat toshlari uning yaqinlari, oilasi, farzandlariga ham chinakam sinov boʻldi.
– 1986 yilning 6 mart kuni uyimizga oʻn nafardan ziyod notanish odamlar keldi, – deya oʻsha kezlarni xotirlaydi Ubaydulla Tojixonovning kenja oʻgʻli Bahrom Ubaydullayev. – Men hali maktabga ham chiqmagan olti yarim yosh bola edim. Ular uyimizning barcha xonalarini tintib, devorga yopishtirilgan gulqogʻozlarni koʻchirib, toʻshalgan gilamlar, mebellarning oyoqlarini, hatto qandillarning mahkamlagich temirlarigacha burab tekshirishgan. Kartoshka-piyoz saqlanadigan omborimizgacha kovlab koʻrishgan. Ha, kechagidek esimda, tintuv olib borayotganlardan biri hovlida oʻynab yurganimda meni qoʻlida koʻtarib, oʻyinchoqlarimga ishora qilib, «Bu mashinalarni senga dadang olib kelganmi yo dadangni doʻstlarimi?», deya soʻroqqa tutayotganida onam «Bu yosh bola, uni soʻroqqa tutishga haqqingiz yoʻq, agar biror nimani bilmoqchi boʻlsangiz, bola bilan psixolog yordamida suhbatlashiladi», deya meni uning qoʻlidan yulib olgan. Shu kuni ular kech soat oʻn ikkigacha hammayoqni agʻdar-toʻntar qilib, atigi ikkita xonani yashashimiz uchun ochiq qoldirib, qolganini muhrlab ketishgan. 1986 yil 4 iyun kuni kelib, xonalarni ochib berishgan. Dastlab otamga toʻqqiz yil berishgan. Onam qayta ariza kiritib, keyingi sudda muddatni kamaytirishgan. Biroq otam baribir qamalgan. 1989 yil birinchi mart kuni toʻliq oqlanib bagʻrimizga qaytgan.
Haqiqat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi. Buning hayotiy isbotini oʻzida koʻrgan, qaro kunlarda ham qalbida yorugʻ kunlar, ezgu va xayrli amallar ilinji soʻnmagan Ubaydulla Tojixonov 1992 yilda Oliy maktab, 1994 yil sentyabridan to 2004 yilga qadar IIV Akademiyasining boshligʻi lavozimida samarali faoliyat olib bordi.
1995 yil 10 noyabrdagi Prezident farmoni bilan «general-mayor» unvoniga loyiq koʻrilgan qahramonimizning ilmga boʻlgan qiziqishi uni bu borada ham oʻziga xos maktab yaratishga yetaklaydi. U 1995 yilda ilmiy salohiyati va koʻp yillik izlanishlari natijasida doktorlik dissertatsiya-sini muvaffaqiyatli himoya qiladi.
Ubaydulla Tojixonov rahbarlik qilgan yillarda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida yangi yoʻnalishlar, fakultetlar, magistratura boʻlimi, Ichki ishlar organlari rahbar xodimlarining malakasini oshirish instituti tashkil etildi. Buning samarasi oʻlaroq, taʼlim dargohidan mohir izquvarlar, tergovchilar, profilaktika inspektorlarining yangi avlodi yetishib chiqdi.
Koʻp yillik hayotiy tajribaga ega, tashkilotchi va bagʻrikeng inson, general-mayor, professor Ubaydulla Tojixonov rahbarlik qilgan yillarda vazirlik Akademiyasining ilmiy salohiyati yuksalib, respublikamizdagi oliy oʻquv yurtlari orasida eng oldingi oʻrinlardan birini egalladi, dunyoning rivojlangan davlatlari, tashkilotlari, nufuzli oliy oʻquv yurtlari bilan keng doiradagi xalqaro aloqalar oʻrnatildi. Xususan, Akademiya AQSH, Yaponiya, Germaniya, Veng-riya, Shvetsiya, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina oʻquv yurtlari hamda huquqni muhofaza qilish organlari bilan doimiy ilmiy va nazariy aloqalarni yoʻlga qoʻydi.
Tabiat va jamiyat fanlari xalqaro akademiyasining akademigi, yuridik fanlar doktori, professor Ubaydulla Tojixonovning «Huquqiy madaniyat nazariyasi», «Davlat va huquq nazariyasi», «Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy huquqi», «Davlat va huquq asoslari» kabi oʻnlab darslik, monografiya hamda oʻquv qoʻllanmalari, koʻplab ilmiy maqolalari hozirda ham keng ilmiy jamoatchilik tomonidan oʻrganilmoqda. U Oʻzbekistonda huquqiy madaniyat nazariyasiga asos solgan va rivojlantirgan taniqli olimlardan biridir.
General-mayor Ubaydulla Tojixonovning xizmatlari davlatimiz tomonidan yuksak baholangan. U «Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist», «Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist» unvonlari, qator ordenlar, «Jamoat tartibini saqlashdagi aʼlo xizmati uchun», I, II, III darajali «Benuqson xizmati uchun» va boshqa koʻplab medallar hamda koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi. 2004 yilda pensiyaga chiqqan general-mayor Ubaydulla Tojixonov 2012 yilning dekabr oyida Toshkent shahrida vafot etdi.
Qahramonimizning akasi Xayrulla Tojixonov ham uzoq yillar ichki ishlar organlarida faoliyat yuritib, polkovnik unvonida pensiyaga chiqqan. Uning sharafli yoʻlini farzandlari — yuridik fanlar nomzodlari, isteʼfodagi polkovniklar Bahodir Tojixonov, Baxtiyor Tojixonov, yuridik fanlar nomzodi, dotsent, isteʼfodagi podpolkovnik Bahrom Ubaydullayev davom ettirdi.
– Otam bizlarga bolaligimizdan yaxshi oʻqish, mehnat qilish, qolaversa, oʻqimishli, ilmli inson boʻlib, jamiyatga foyda keltirish kerakligini uqtirib kelgan, – deydi Bahrom Ubaydullayev. – Oʻzimdagi barcha ijobiy fazilatlarga, ilm yoʻlidagi muvaffaqiyatlarimga otamning jonkuyarligi, yoʻl-yoʻriq va maslahatlari bilan erishganman. Otam diyonatli, halol inson edi va oʻziga oʻxshaganlarni nihoyatda hurmat qilardi. Obodlikni, obodonlashtirishni juda sevardi. Ayniqsa, bahor kelishi bilan Akademiyaga dov-daraxtlar, turfa gullar ekishga alohida eʼtibor qaratardi. Akademiyada archa ekib, uni parvarishlashni anʼnaga aylantirgandi. Koʻpincha boʻy yigitlardek tizilib turgan archalarga boqib: «Ularga qarab bahri diling ochiladi», – derdi. Otam ilm dargohida oʻn ikki yilu bir oy rahbarlik qilgan boʻlsa, shu muddat ichida Akademiya hududi va atrofida 121 ming tupga yaqin archa ekib, yetishtirildi.
Fikru oʻyi ezgu maqsad-muddaolar bilan sugʻorilgan, yuragi ana shu istaklar roʻyobi uchun urib, koʻzlarida istak va ishonch yonib turgan insonlarning bosib oʻtgan hayot yoʻllari ulardan keyin ham nurlanib turaveradi. Bugun, shaksiz, yuridik fanlar doktori, professor, general-mayor Ubaydulla Tojixonovni ana shunday olovqalb insonlardan biri edi, deya baralla ayta olamiz.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
oʻz muxbirimiz.
