Tadbirda Ichki ishlar vaziri,
general-leytenant Aziz Tashpulatov pensiyaga kuzatilayotgan har bir xodimning tizim rivoji va yurt tinchligi yoʻlida qoʻshgan beqiyos hissasini alohida eʼtirof etdi. Ushbu soha fidoyilari koʻplab shogirdlarning ustozi boʻlgan polkovniklar – yosh avlod uchun Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishning ibratli namunasi ekanini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Polkovnik Shuhratjon Satvoldiyev ichki ishlar organlari tizimida terrorizm va giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda yuksak natijalarni qoʻlga kiritgan tajribali va mahoratli rahbarlardan biridir. U Toshkent shahar Chilonzor tumani IIOFMB boshligʻi, shuningdek, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari IIB boshligʻi kabi masʼuliyatli lavozimlardagi faoliyati davomida koʻplab malakali shogirdlarni tarbiyalashda oʻz hissasini qoʻshdi.
Polkovnik Barat Mamenov oʻzining sharafli xizmat yoʻlini 1989-yilda Surxondaryo viloyati IIBda oddiy inspektorlikdan boshlagan boʻlib, faoliyatining asosiy qismini aynan yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashdek masʼuliyatli sohaga bagʻishladi.
U sermahsul faoliyati davomida Toshkent shahar IIBB YHXB boshligʻi hamda IIV Jamoat xavfsizligi departamentining masʼul lavozimlarida fidokorona xizmat qildi.
Polkovnik Bernora Sadikova ichki ishlar organlaridagi koʻp yillik samarali faoliyati davomida tizimning eng masʼuliyatli yoʻnalishlarida, xususan, IIV Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmatida sidqidildan xizmat qildi. U nafaqat tajribali rahbar, balki yosh xodimlar uchun mehribon ustoz va ibrat maktabi boʻla oldi. Tizimda xotin-qizlar masalalari boʻyicha amalga oshirilgan islohotlarda faol ishtirok etib, xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlashga hissa qoʻshdi. 2018-yildan IIV Birlashgan tahririyati bosh muharrir sifatida faoliyat yuritib, tizimdagi ijobiy oʻzgarishlarni keng yoritish, nashrlarni yanada oʻqishli boʻlishida jonbozlik koʻrsatdi.
Tantanali tadbir yakunida pensiyaga kuzatilayotgan polkovniklarga vazirlikning «Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi» koʻkrak nishoni topshirildi. Oʻz navbatida, ustozlar koʻrsatilgan yuksak ehtirom va doimiy eʼtibor uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida ham faxriy sifatida soha rivojiga kamarbasta boʻlishga hamda boy hayotiy tajribalarini yosh avlodga oʻrgatishdan charchamasliklarini taʼkidladilar.
Sarvar SOBIROV,
oʻz muxbirimiz
