Navroʻz nafaqat qoʻhna sharq udumlariga koʻra yangi yilning boshlanishi, balki burj taqvimiga koʻra hamal oyining boshlanishi hamdir.
Ajdodlarimiz tomonidan asrlar davomida osmon jismlarini kuzatish orqali shakllantirilgan burj taqvimi axborot asrida ham amal qilayotgani uning naqadar mukammal ekanidan dalolat. Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasida keltirilgan maʼlumotlarga qaraganda, BURJ — arabcha soʻz boʻlib, yulduz taqvimi, kalendar degan maʼnoni anglatadi. U oʻrta asr uygʻonish davrida (XI asrda) sharq falakiyotshunoslari tomonidan ishlab chiqilgan. Burj quyoshning yillik koʻrinma harakati doirasidagi oʻn ikki yulduz turkumining nomlarini anglatadi. Bu soʻz zodiak yulduzi turkumlari Dalv, Hut. Hamal, Savr, Javzo, Saraton, Asad, Sunbula, Mezon, Aqrab, Qavs, Jady larga nisbatan qoʻllaniladi (jadvalga qarang).
Burjlar quyoshning yillik koʻrinma harakat yoʻli (ekliptika) boʻylab joylashgan. Har birida Quyosh tegishlicha bir oycha boʻladi. Burj yulduz turkumlaridan Quyosh sistemasining deyarli barcha sayyoralari va Oyning ham koʻrinma harakat yoʻllari oʻtadi. Yunonistonda burj turkumlarini alohida ajratib, ularni maxsus belgilar bilan ifodalashgan. Shunga koʻra, osmon gumbazida bahorgi (Hamal) va kuzgi (Mezon) tengkunlik, yozgi (Saraton) va qishki (Jady) Quyosh turish nuqtalari ham oʻsha belgilar bilan belgilanadi. Quyida burj jadvali bilan tanishing:
Arabcha Forscha Oʻzbekcha aytilishi
1. Hamal Barre Qoʻy 22 mart—20 apr.
2. Savr Gov Sigir 21 apr. —20 may.
3. Javzo Dupaykar Egizak 21 may—21 iyun
4. Saraton Xarcheng Qisqichbaqa 22 iyun—22 iyul
5. Asad Sher Arslon 23 iyul—22 avg.
6. Sunbula Xosha Boshoq 23 avg—23 sent.
7. Mezon Tarozu Tarozu 24 sent.—22 okt.
8. Aqrab Gajdum Chayon 23 okt.—22 noyab.
9. Qavs Kamon Yoy 23 noyab.—21 dek.
10. Jady Buzgʻola Togʻ taka 22 dek.- 19 yanv.
11. Dalv Doʻl Qovgʻa 20 yanv.-18 fev.
12. Hut Mohiy Baliq 19 fev—21 mart
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
Sirdaryo viloyati.
