Buxoro viloyatida mahallalarda sodir etilgan ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlarni viloyat hokimi boshchiligida sektor rahbarlari tomonidan keng muhokama qilish boʻyicha “Buxoro tajribasi” yaratildi. Navbatdagi “mahallabay” muhokama Gʻijduvon tumani hokimligi majlislar zalida oʻtkazildi. Videokonferensaloqa tizimi asosida oʻtkazilgan muhokamada viloyat hokimi B.Zaripov, viloyat prokurori U.Hamdamov, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik I.Tursunov boshchiligida huquq-tartibot organlari masʼullari, tuman (shahar)larning sektor rahbarlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha viloyat hamda hududiy idoralararo komissiyasiga aʼzo tashkilotlar mutasaddilari, 544 ta mahallalar yettilik vakillari ishtirok etishdi.
Tanqidiy tarzda oʻtgan muhokamada Gʻijduvon tumanining “Paxtaobod” hamda Qorovulbozor tumanining “Tinchlik” mahallalarida sodir etilgan oʻta ogʻir turdagi jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularga omil boʻlayotgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilindi. Bu kabi jinoyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan profilaktik tadbirlar xususida soʻz yuritildi. “Qizil” toifaga kirgan ushbu ikki mahalla masʼullarining hududda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash doirasida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi. Soʻng masʼullarning yoʻl qoʻygan kamchiliklari birma-bir tanqidiy tahlil qilindi.
Jarayonda muhokamaga qoʻyilgan mahallalar masʼullariga, shuningdek, hududiy sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilindi. Muhokama yakunida viloyat hokimi tomonidan barcha darajadagi rahbarlar, mahalla yettilik vakillariga har bir koʻcha, qishloq, ovul va aholi punktlaridagi har qanday muammoli oilalarni oʻz vaqtida aniqlash, mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish, ishsizlikni kamaytirish, migratsiyada yurib qiynalgan fuqarolarni qaytarish va ularni ish bilan taʼminlash, migratsiyada yurgan fuqarolarning oila aʼzolari, sudda nizolashayotgan yoki nizoli oila sifatida profilaktik hisobga olingan, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar, probasiya xizmati nazorati ostida turgan, shuningdek, ruhiy asab hamda narkologiya dispanseri roʻyxatida turgan, oilaviy zoʻravonlikka uchragan shaxslar bilan manzilli ishlash borasida hududiy sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilar birgalikda manzilli ish olib borishlari yuzasidan topshiriqlarini berdi.
Oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
