Bugun mazkur obidalarning aksariyati davlatimiz muhofazasiga olingan boʻlib, minglab chet ellik va mahalliy sayyohlarni oʻziga chorlab turibdi. Xoʻja Nizomiddin bolo guzari hududida, Arkning shimoli-sharqida joylashgan oʻrta asrlarga oid «Zindon» meʼmoriy yodgorligi ham ana shunday inshootlar sirasiga kiradi.

Ushbu bino Buxoro amirligining qamoqxonasi hisoblangan. U konussimon quduq shaklida boʻlib, XVIII asrning ikkinchi yarmida mangʻitlar sulolasi hukmronligi davrida qurilgan. 

Zindonga kichik peshtoqli va ikki tabaqali qadimiy yogʻoch eshigi boʻlgan darvozaxonadan kirilgan. Qamoqxona ikki qismga boʻlinadi: yuqori zindon va quyi zindon. 

Zindon asosan mahbuslar uchun moʻljallangan xonalardan iborat. Unda saqlanayotganlar belgilangan vaqtda sayrga olib chiqilgan. Bitta maxsus katta kamera turli sabablarga koʻra qamalgan yuqori martabali amaldorlar uchun moʻljallangan. 

Oʻsha davrda ogʻir jinoyatlarda ayblanganlarni zindonning chuqur oʻrasiga qamab qoʻyishgan. Koʻpincha qoʻzgʻolonchilar, qotillar, qaroqchilar, oʻgʻrilar, qarzdorlar, soliq toʻlamaganlar va siyosiy mahbuslar zindonband qilingan.

Zindon hovlisida turli davrlarga oid pastak gʻishtin binolar bor. Bular zindonbon xonasi hamda oʻlimga mahkum etilganlar uchun qurilgan xonalardir. 

Zindon Buxoroning boshqa bir qancha meʼmoriy, arxeologik va madaniy yodgorliklari qatorida UNESCOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. 


Abror POYONOV,

oʻz muxbirimiz.