Oʻzbek xalqi jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, siyosatchi va jamoat arbobi Muxtor Saidjonov nomini, el-yurt oldidagi xizmatlarini hamisha hurmat bilan yodga oladi va qadrlaydi.

Yaqinda IIV Buxoro akademik litseyi «Jasorat» muzeyida viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari, MMI va KBTX boshligʻi, podpolkovnik A. Yusupov, Buxoro davlat universiteti huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi direktori, dotsent A. Hamroyev, boshqarma shaxsiy tarkibi hamda oʻquvchilar ishtirokida madaniy-maʼrifiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda qatagʻonga uchragan viloyat ichki ishlar organlari xodimlarining nomlarini tiklash va yosh avlodga yetkazish orqali ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar xususida maʼlumotlar berildi.

Xususan, tadbir mehmoni Muxtorjon Saidjonovning nevara jiyani Zelimxon

Saidjonov bobosiga tegishli boʻlgan noyob hujjatlar va kitoblar toʻplamini tuhfa qilib, xodimlarga oʻsha davr xotiralari haqida maʼlumotlar berib oʻtdi.

1893 yilda Buxoro shahrida tugʻilib, voyaga yetgan Muxtor Saidjonovning otasi Yoʻldosh Saidjonov savdogar boʻlgan. U avval eski maktabda, soʻng akasi Musojon bilan Kogondagi rus-tuzem maktabida taʼlim olgan. Buxoro madrasalarida tahsil olgan. Toshkentdagi oʻqituvchilar seminariyasida uch sinf oʻqigan.

1912–1918 yillar «Yosh buxoroliklar» safida boʻlgan. 1917 yilda M. Saidjonov «Yosh buxoroliklar» partiyasi Markaziy Qoʻmitasi aʼzoligiga qabul qilinadi. Bu partiyaga asosan taraqqiyparvar ziyolilar, savdogarlar va shahar kambagʻallari vakillari kirgan. Ular boshida demokratik islohotlar oʻtkazish, konstitutsiyaviy monarxiya oʻrnatish orqali amirning mutlaq hokimligini cheklab qoʻyish tarafdori boʻlgan. Jumladan, Abdulvohid Burhonov, Mukammil Burhonov, Sadriddin Ayniy, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, Otaulla Xoʻjayev, Ahmadjon Hamdiy, Homidxoʻja Mehriy, Musa Saidjonov, Mirzo Siroj Hakimlar partiyaning dastlabki tashkilotchilari edi. Keyinchalik uning

faoliyatida Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev va Muhiddin Mansurov katta rol oʻynadi.

U 1920 yil 14 sentyabrda Buxoro Xalq Respublikasining birinchi Ichki ishlar (doxiliya) noziri etib tayinlanadi. 

Keyinchalik Davlat nazorati xalq noziri, Bxsrning RSFSR hukumati huzuridagi maxsus vakili, Buxoro Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasi masʼul kotibi, BXSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi masʼul kotibi lavozimlarida xizmat qiladi. Bundan tashqari, «Milliy ittihod» tashkilotining Buxoro shoʻʼbasida faoliyat koʻrsatgan.

Oʻrta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish oʻtkazilgach, avval Zarafshon okrugi ijroiya qoʻmitasi raisi, soʻngra Zarafshon okrugi partiya komiteti masʼul kotibi, Oʻzbekiston SSR Ichki savdo xalq komissari, Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti aʼzosi boʻlib ishlagan.

«Oʻn sakkizlar guruhi»ning faol ishtirokchisi sifatida VKP(b) MK Oʻrta Osiyo byurosining Oʻzbekistondagi faoliyatini keskin qoralagani uchun 1925 yil oxirida bir yil muddatga partiya va shoʻro idoralaridagi masʼul lavozimlardan chetlashtirildi. Shuningdek, F. Xoʻjayev boshqargan Buxoro Xalq Respublikasida moliya nozirligida, keyinroq «Oʻzbekkino» tresti boshqaruvchisi (1936 yilgacha) lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan.

Yozuvchi Fayzulla Qilichovning «Mustaqillikning fojiali yoʻli» nomli essesida

M. Saidjonovning ibratli tashabbusi yodga olingan. Yaʼni, u 1934 yilda Fitratga «Amir davri, jadidlar haqida haqqoniy asar yozib ber, biz oʻsha davrni hozirgi xarob ahvolimiz bilan solishtirib, hujjatli kino yarataylik» degan.

Fitrat hozirjavoblik bilan Buxoro inqilobiga atab «Toʻlqin» pesasini yozadi. Afsuski, bu pesa, Fayzulla Xoʻjayev va boshqalarning ming urinishlariga qaramasdan, yorugʻlik yuzini koʻrmay, Sanʼat Bosh boshqarmasi sandiqlarida qolib ketadi.

1937 yilning 20 mart kuni qamoqqa olingan Muxtor Saidjonovning uyida ikki oʻgʻli va xotini izillab qolaverdi... Soʻngra akasi Musojon va ukasi Qurbonjon Saidjonovlar ham qamaldi. Buxorolik 17 nafar milliy rahbarlar bilan birgalikda M. Saidjonov Toshkentda «Uchlik»ning 1937 yil 14 oktyabrdagi qaroriga asosan, aksilinqilobiy «Milliy Ittihod» tashkilotining aʼzosi, chet el mamlakatlari bilan doimiy aloqada boʻlib, Oʻzbekistonni ittifoqdan ajratib olish maqsadi boʻlganlikda ayblanib, otuvga hukm etilgan. Oʻsha paytda u 44 yoshda edi...

Muxtor Saidjonov vafotidan soʻng 1965 yil 2 dekabrda oqlangan.

Mirzoqul AHADOV,

oʻz muxbirimiz.

Buxoro viloyati.