Shoʻrchi tumanidagi «Egarchi» mahallasida yashovchi Hotam Babatov (ism-sharifi oʻzgartirildi) bir marta jinoyat sodir etib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Belgilangan jazo muddatini toʻliq oʻtab, ozodlikka chiqqandan keyin ham panjara ortida oʻtgan umri unga saboq boʻlmadi.
...Hotam tunu kun pul topish haqida oʻylardi. Bir kuni qoʻshnisi Alijondan avtomashinasini garovga qoʻyib, unga foizga 20 million soʻm miqdorida qarzga pul olib berishini iltimos qildi. Bunga koʻnmagan qoʻshnisining ishonchiga kirish uchun uni rosa avradi. Bu pulga qoʻy olib sotib, biznes qilishini va topgan foydadan 50 foiz unga ham ulush berib turishini aytib, nihoyat, ishontirdi. Alijon unga 20 million soʻm pul qarz olib berdi.
Oradan ancha vaqt oʻtdi. Na qoʻydan, na biznesdan kelgan daromaddan darak boʻlavermagach, Alijon Hotamning hiylasiga laqqa tushganini fahmlab, pulini qistadi. 20 million soʻmni oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborgan Hotam esa yana yolgʻon toʻqiy boshladi. Mashinasini garovdan chiqarib berish uchun hamsoyasini 900 AQSH dollari qarz berib turishga koʻndirdi, biroq...
Qilmishlaridan xulosa chiqarmagan Hotamga odamlarni aldab, moʻmay daromad topish yoqib tushdi. Bir xatosini tuzatmay, ikkinchisiga qoʻl urdi. Bu safar xususiy korxona ochib, bogʻdorchilik va poliz mahsulotlarini yetishtirish maqsadida ogʻzaki kelishuv asosida 40 gektar yer maydonini olib, ish boshladi. Oʻsha kunlarning birida eski tanishi Sobirni uchratib qoldi va u 50 sotix ekin maydoni sotib olmoqchi ekanidan xabar topdi. Buni eshitiboq eski odatiga koʻra ish koʻrdi. Yaʼni, hech ikkilanmay, tanishiga oʻzining 50 sotixli bogʻ qilingan yer maydoni borligini, agar u xaridor boʻlsa, sotixini 1000 AQSH dollaridan sotishni taklif qildi. Ular shu yerning oʻzida savdolashib, Hotam oʻziga tegishli boʻlmagan yerni 45 ming AQSH dollariga sotishga kelishdi.
«Qahramon»imiz kelishilgan pulni Shoʻrchi tumanidagi «Toshkent» kafesida olayotganida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.
Avaz RAHIMOV,
mayor.
Feruza RAHMONQULOVA,
oʻz muxbirimiz.
Surxondaryo viloyati.
