Kecha televizorda xitoylik kino ustalari tomonidan yaratilgan serialga koʻzim tushib qoldi. Unda yuzlab, minglab xitoyliklar kunda-kunaro Pekin shahri ustiga yopirilayotgan qum boʻronlarining oldini olish, uni toʻsish uchun uning yoʻlida, bepayon choʻlda katta oʻrmonzorni tashkil etishga jazm qilishadi. Daraxtlar orqali boʻronni toʻxtatish uchun giyoh unmagan biyobonda zahmat chekishadi...
Shu kunlarda yurtimizning markaziy hududlarida uchrayotgan changli boʻronni kuzatib beixtiyor oʻsha serial yodimga tushdi. Xitoyliklarku boʻron ofatini kamaytirish uchun yoʻq joyda oʻrmonzor tashkil qilish, koʻkalamzorlashtirishga ahd qilishgan ekan. Bizchi, biz nima qilayapmiz?
Bor daraxtlarni ham qurilishu boshqa bahonalar bilan yoʻq qilish yoʻlini topayapmiz. Har yili ming-ming tup daraxt koʻchatlari oʻtqazilayaptiyu lekin ularning koʻkarganini, daraxt boʻlganini koʻrmayapmiz. Daraxtlarni kesishga moratoriy joriy etilgan boʻlsada ular hali-hanuz kesilayapti. Bilmadim, qanday qilib? Hozir mablagʻ topgan borki, bir parcha yerda ham qurilishga zoʻr berayapti. Hozir Oʻzbekiston xuddi qurilishlar va buzilishlar maydoniga aylanib qolgan. Agar bunga oʻz vaqtida chora koʻrilmasa, uning oldi olinmasa, daraxtlar shu yoʻsinda yoʻqolib ketaversa, shu kunlarda davom etayotgan chang boʻronlari hali holva boʻlib qolishi hech gap emas. Tez-tez takrorlanadigan boʻronlarga koʻnikishimizga, umr boʻyi chang yutishimizga toʻgʻri keladi.
Afsuski, bu faqat bizda boʻlayotgan muammo emas. Yuzdan ortiq davlatlar 2030 yilga qadar oʻrmonlarni kesishni toʻxtatishni muhokama qilishmoqda.
Insoniyat dunyo oʻrmonlarining yarmini allaqachon yoʻq qilib boʻlgan. Shu bois «Glazgo» iqlim sammitida dunyo yetakchilari oʻrmonlarni kesishni toʻxtatishga vaʼda berishdi. Ularni qayta tiklash uchun davlat va xususiy mablagʻlardan 20 milliard dollar ajratiladigan boʻldi.
Foziljon Mamasharipov.
