Lavhamiz qahramoni Namangan davlat universitetini tamomlab, bolaligidan orzu qilgan soha – ichki ishlar organlari safida xizmat qilish uchun astoydil tayyorgarlik koʻrib, 2013-yilda xizmat faoliyatini boshladi. Mana shunga ham oʻn yil boʻlibdi.
Ahadjon shijoati, topshiriqlarga masʼuliyat bilan qaragani uchun oʻtgan vaqt mobaynida viloyat IIB tomonidan bir necha marta munosib ragʻbatlantirildi. Jumladan, Mustaqillik bayrami arafasida vazirlikning faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi. Muhimi, faoliyatini boshlagandan buyon biror marta intizomiy jazoga tortilmadi.
Mayor Ahadjon Gʻoipov
3400 nafar aholi yashayotgan «Xonobod»ni tinch hududga aylantirishda jonbozlik koʻrsatib, «yashil» toifaga olib chiqdi. Oʻrnatilgan videokuzatuv moslamalari orqali bir vaqtning oʻzida kattagina hududni kuzatib turishning imkoni bor.
– Ichki ishlar organlari xodimlari uchun munosib xizmat va yashash sharoitlari yaratilmoqda, – deydi u. – Birinchilardan boʻlib xizmat uyi va shaxsiy avtomashinaga ega boʻldim. Uyim va ish joyim orasi 50 qadam.
Mahalla ahli issiqxonalardan katta daromad topadi. Chorvachilik ham yaxshi rivojlangan. Ahadjon Gʻoipovning uyida ham ot, qoʻy boqiladi, sayroqi qush va kabutarlarning noyob turlaridan ham bor. Uy bekasi Shoiraxon uch nafar farzand tarbiyasi bilan birga, turmush oʻrtogʻiga chorva va parrandalarni boqishda koʻmaklashadi.
Gulchehra BUVAMIRZAYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
