Maʼlumki, Moʻynoq tumani joʻgʻrofiy joylashuvi, tarixiy va madaniy jihatdan diqqatga sazovor joylari bilan sayyohlar eʼtiborini jalb qilib keladi. 2024-yilning aprel oyida Qoʻqon pedagogika instituti talabalaridan iborat
5 nafar yigit sayyohat qilish maqsadida «Nexia-1» avtomashinasida Moʻynoq tumaniga qarab yoʻl olgandi. Lekin ular ushbu safarining bir umr yodda qoladigan voqealardan biri boʻlishini xayoliga ham keltirmagan boʻlsa kerak.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV ning «102» qisqa raqamiga tashvishli qoʻngʻiroq tushadi. Unda bir guruh sayyohlarning yoʻqolgani xabar qilingandi. Tergov-tezkor guruhi tomonidan sayyoh yigitlarni qidiruv ishlari boshlanadi. Tuman hududidagi videokameralar yozuvi oʻrganib chiqilganda, ularning Orol dengizining suv saqlanib qolgan qismiga qarab ketgani maʼlum boʻladi. Bu tuman markazidan 200 chaqirimdan ortiq masofadagi qumlik sahroni bosib oʻtish demakdir. Guruh qumlikning ancha joyigacha borgach, ortga qaytishga majbur boʻlishadi. Chunki, bunday oraliqqa maxsus tayyorgarliksiz chiqqan kishilar uchun uni bosib oʻtish deyarli imkonsiz.
Bu orada mazkur tashvishli holat yuzasidan respublikadagi mutasaddi idoralarga xabar berilib, qidiruv ishlarini kengaytirilgan holda olib borish yuzasidan kelishib olindi. Qisqa vaqt mobaynida 15 ga yaqin qidiruv guruhlari tashkil etilib, ertasi kuni qidiruv ishlari yana boshlandi. Quvonarlisi, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlaridan tashqari, hududni yaxshi biladigan fuqarolar ham oʻz ixtiyori bilan yordam berish istagida guruhga qoʻshildi. Qidiruvga 20 ga yaqin maxsus texnikalar, vertolyot jalb etildi.
Oradan 4–5 soatlar oʻtganidan soʻnggina guruhlardan biri nomaʼlum avtomashina izi topilgani haqida xabar berdi. Yana yarim soatlardan soʻng esa «Nexia» avtomashinasi, salon ichidan holsizlanib qolgan sayyoh yigitlardan biri topilgani haqida xabar keldi.
Avtomashinadan topilgan yigitning aytishicha, yarim yoʻlda mashina buzilib, sahroda qolib ketishgan. Bu orada olib chiqqan oziq-ovqat va suvlari ham tugab, ilojsizlikdan piyoda ketishga majbur boʻlishgan. Ammo uning sogʻligʻi yomonlashgani bois avtomashinada qoldirishibdi. Qolgan toʻrt yigit esa ikki guruhga boʻlingan holda yordam izlab ikki tomonga yoʻlga chiqqan. Shu bilan oradan uch kun oʻtibdi.
Qidiruv guruhlariga yigitlar yoʻl olgan taraf maʼlum boʻlgach, barcha guruhlar ushbu hududni sinchiklab tekshirishga jalb qilinadi. Va oradan yana 1–2 soat oʻtgach, toʻrttala yigit ham holdan toygan holda topiladi. Shunday qilib, koʻpchilikning saʼy-harakatlari tufayli baxtsiz hodisaning oldi olinadi.
Shu oʻrinda bir muhim jihatni eslatib oʻtish oʻrinli boʻlardi. Yaʼni, Orolboʻyi hududlariga sayohat uchun boradigan boʻlsangiz, albatta, oʻzingiz bilan yoʻl boshlovchi olishingiz kerak. Bundan tashqari, fasllardan kelib chiqqan holda har qanday iqlim sharoitiga oldindan hozirlik koʻrish foydadan xoli emas. Sogʻligingiz holatini bilish ham juda muhim. Unutmang, oʻzboshimchalik bilan ish tutishning yakuni fojiali boʻlishi mumkin!
Azamat PIRNIYAZOV,
oʻz muxbirimiz.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
