Qarshi shahrida joylashgan 1-sonli gimnaziyani bitirgan Jamshid Qarshi davlat universitetiga hujjat topshirdi. Imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtib, talabalar safidan joy oldi. Oliy bilim dargohida oʻqish bilan birga talabalar oʻrtasida oʻtkaziladigan sport musobaqalarida faol ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi.
Dorilfununni tugatgan Jamshid Suvonov ichki ishlar organlarida xizmat qilishga ahd qiladi. 2005-yilda IIV Akademiyasi serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslarini tugatgach, ilk faoliyatini vazirlikning jazoni ijro etish tizimida boshladi. Bu yerda ustozlari polkovniklar Sodiq Islomov va Bahodir Usmonovdan kasb sirlarini oʻrgandi. Tirishqoqligi, oʻz ustida ishlashi, berilgan topshiriqlarni bekamu koʻst uddalashi tufayli hamkasblari eʼtiborini qozondi. Ayni paytda sevimli mashgʻuloti – sportning tennis turi bilan shugʻullanishni ham kanda qilmadi.
Tizimda ishlab, oʻqib yetarli tajriba va malakaga ega boʻlgan Jamshid Suvonovni 49-jazoni ijro etish koloniyasi intendantlik va xoʻjalik taʼminoti boʻlimi boshligʻi lavozimiga tayinlashdi. Kirishimliligi, qiziquvchanligi bois izquvarlik kasbini ham oʻzlashtirdi. Undagi oʻz ishiga boʻlgan masʼuliyat, mehr va intilish keyingi yillarda 49-JIEKda tezkor vakil sifatida ishlashiga zamin hozirladi. Xullas, muassasa boshligʻigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtgan Jamshid Suvonov qanchadan qancha mashaqqatli jarayonlarda ishtirok etdi. U hamisha zimmasidagi vazifani sidqidildan bajarib, rahbariyatning ishonchini oqlab keldi.
IIV huzuridagi JIED Toʻrtinchi mintaqaviy hudud 2-sonli JIEK boshligʻi lavozimiga tayinlangach, koʻplab xayrli ishlarni amalga oshirdi. Shaxsiy tarkibning xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etishiga alohida eʼtibor qaratdi. Har bir xodimning oilaviy sharoitini oʻrgandi, muammolariga yechim topishda koʻmaklashdi.
Koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarni tarbiyalashda samarali uslublardan foydalanilyapti. Mahkumlar xulq-atvoriga qarab «tarbiyasi ogʻir», «tuzalish yoʻliga oʻtayotgan», «toʻliq tuzalgan» kabi toifalarga ajratilib, har qaysi toifa bilan alohida profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Taʼkidlash joizki, koloniyada mahkumlarni kasb-hunarga oʻrgatish maqsadida maktab tashkil etilgan, ustoz-shogird anʼanasi yoʻlga qoʻyilgan. Ayni kezlarda mazkur maktabda 400 nafardan ortiq mahkum hunar oʻrganishmoqda. Hunar esa kelgusida ozodlikka chiqqan har bir shaxs uchun roʻzgʻor tebratib, tirikchilikni oʻtkazishida asqatadi. Natijada ular jinoyatga qoʻl urishmaydi. Qolaversa, jamiyatga ham foydasi tegadi.
Bundan tashqari, mahkumlar bilan olib borilayotgan profilaktik tadbirlar jarayonida tuzalish yoʻliga oʻtgan shaxslar muntazam ragʻbatlantirib kelinmoqda. Oʻtgan yili 1010 nafarga yaqin mahkumga tashakkurnoma, qoʻshimcha uchrashuv, yaqinlari bilan telefon orqali soʻzlashuv imkoniyati berildi.
Bugungi kunda podpolkovnik Jamshid Suvonov boy tajriba va malakasini yoshlarga oʻrgatyapti.
U hamisha xodimlarga xalq manfaatlariga xizmat qilish, burchga sadoqat oliy sharaf ekanligini, fuqarolar bilan xushmuomalada boʻlish zarurligini uqtirib keladi.
Ona Vatan ravnaqi, el osoyishtaligi yoʻlida qilingan fidokorona xizmat hech qachon eʼtibordan chetda qolmagan. Jumladan, Prezidentimizning Farmoniga koʻra, podpolkovnik Jamshid Suvonov «Jasorat» medali bilan taqdirlandi.
– Kamtarona xizmatlarimning yuksak baholangani meni bundan keyin yanada masʼuliyat bilan ishlashga undaydi, – deydi podpolkovnik Jamshid Suvonov.
Qahramonimiz talabchan va tajribali rahbar boʻlish bilan birga namunali oila sohibi ham. Turmush oʻrtogʻi podpolkovnik Amina Usmonova bilan 3 nafar farzandni voyaga yetkazdi. Katta oʻgʻli Bahodir ham ota kasbga havasmand. Hozirda u Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tahsil olmoqda.
Sodiq RAHIMOV,
oʻz muxbirimiz.
Qashqadaryo viloyati.
