Qimor taʼqiqlangan oʻyin hisoblanadi. Biroq bunday goʻyoki “koʻngilochar” oʻyinga berilganlar yoʻq deya ayta olmaymiz. Samarqand viloyati IIB T va EQKB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor profilaktik tadbirlarda yashirin qimorxona fosh etildi.
Viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, Urgut tumanining Boybul qishlogʻida D.A. oʻzining yashash xonadonida tavakkalchilikka asoslangan qimor oʻyinlarini tashkil etib kelayotganligi toʻgʻrisida olingan maʼlumotga asosan tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda D.A. kirakashlik faoliyatidan tashqari, qoʻshimcha moddiy daromad topish maqsadida 19 nafar shaxsga tavakkalchilikka asoslangan qimor oʻyinlarini tashkil qilib kelayotganligi aniqlanib, oʻyin qatnashchilaridan yigʻib olingan jami 265.000 soʻm pul, 24 dona oʻyin biletlari, 90 dona raqamlangan oʻyin toshlari hamda ishtirokchilardan esa jami 8.400 ming soʻm va 300 AQSh dollari miqdoridagi pullar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirilib olingan.
Ushbu holat boʻyicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda va endi mazkur shaxs qilgan ishi uchun qonun oldida javob beradi.
Gulnoza TURGʻUNBOEVA,
“Postda” muxbiri.
Samarqand viloyati.
