Dadam bolalik davrini va oʻsha ogʻir urush yillarini sira yodidan chiqara olmaydi. Ota-onadan erta ayrilib, Jamila ammam qoʻlida voyaga yetgani va aqli toʻlishib, endi biror kasbning etagini tutaman deganda, koʻngillilar qatorida urushga otlanganini har safar bizga hikoya qilib berarkan, qalbimiz gʻururga toʻladi. 

Dadam umri davomida qanchadan-qancha sinovlarni boshdan kechirmadi. Yaxshi kunlar keladi, degan umid bilan yashab, kurashdi. Shukrki, orzu qilingan davrlar keldi. Mamlakatimiz osoyishta, aholisi farovon. Hamma tinch-totuv yashab, mehnat qilyapti. Prezidentimizning beqiyos gʻamxoʻrliklari tufayli keksalarga koʻrsatilayotgan eʼtibor, eʼzoz va muruvvatdan koʻnglimiz togʻdek koʻtarilmoqda. 

1942-yil oʻn olti nafar qishloqdosh yigitlar bilan urushga ketgan dadam Stalingradda kechayotgan qirgʻinbarot janglarda qatnashadi. Soʻng Vladivos­tokdagi dengiz piyodalari batalyonida harbiy xizmatda boʻladi. Bu orada Kavkazni ham fashistlardan himoya etishda qatnashadi. 1947-yilda ona shahrimiz Buxoroga qaytadi. 

Viloyat bosmaxonasida masʼul lavozimda ishlab, Buxoro pedagogika institutining tarix fakultetida sirtdan oʻqib, diplomli boʻlgach, Romitan tumanining Chelongʻu qishlogʻidagi oʻrta taʼlim maktabida oʻqituvchilik qiladi. 1969-yildan to 1984-yilgacha ichki ishlar organlarida samarali xizmat qildi. Oʻnlab shogirdlar tayyorladi. Rahmatli onamiz bilan yetti nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazdi, oʻqitdi, uyli-joyli va kasb-korli qildi. Qisqasi, barchamizni el-yurt xizmatini sharaf deb bilgan kishilar sifatida yetishtirdi. Muxtor akam dadamning izidan borib, kam boʻlmadi. Afsuski, afgʻon urushida olgan asoratlari tufayli 2007-yil vafot etdi. Olti opa-uka hozir pensiyadamiz. Ayni paytda dadam­ning 19 nabirasi, 38 evarasi va 4 nafar chevarasi bor.  

Bir soʻz bilan aytganda, men shunday insonning farzandi ekanligimdan faxrlanaman. Zero, dadam mening baxtim, davlatimdir. 


Abror MUHSINOV,

mehnat faxriysi.

Buxoro viloyati.

Suratda: viloyat hokimi Botir Zaripov, IIB boshligʻi, polkovnik Mirjamol Miralimov va boshqa mutasaddilar urush qatnashchisi Ahmed otaga Prezident tabrigi va mukofotlarni topshiqmoqda.