Shu maʼnoda oliy oʻquv yurtining imtiyozli diplomi qoʻliga tegishi bilan viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga yoʻl olganda hech kim ajablanmadi. Bu yil egniga forma kiyganiga 27 yil toʻladi. Oʻtgan davrda u fidoyi va halol inson, hamisha suyansa boʻladigan ofitser sifatida hamkasblarining hurmatini qozondi, oʻnlab shogirdlar yetishtirdi.
Tabiiyki, mehnatlariga yarasha lavozimi oshdi, taqdirlandi. Chunonchi, ayni vaqtda viloyat IIB Huquqiy statistika va tezkor hisob-kitob maʼlumotlar markazi boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik.
Lavhamiz qahramonining hamkasblari havas qiladigan yana bir jihati bor. U shaxmat ishqibozi. Aytgancha, shatranjni ham otasidan 5 yoshida oʻrgangan. Eʼtiborlisi, mazkur yoʻnalishda maxsus bilimlarni olmagan boʻlsa-da, havas qilgudek natijalarni qayd etmoqda. Binobarin, 13 yildan buyon viloyat ichki ishlar organlari, 8 yildan beri huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari oʻrtasida uyushtiriladigan anʼanaviy musobaqalarda unga tenglasha oladigan topilmayapti.
Podpolkovnik shatranjni jangga qiyoslaydi, mulohazali, sabrli va sovuqqon shaxmatchi hamisha gʻalaba qilishini isbotlashga astoydil harakat qiladi.
Toʻgʻri, dona surmoqqa hamisha ham vaqt topa olmaydi. Lekin dam olish kunlari farzandlari, qoʻshnilar va xizmatdoshlar bilan bellashadi, charchogʻini yozadi. Zafarga eltuvchi birorta kombinatsiyani muvaffaqiyatli qoʻllay olsa, qalbi zavqqa toʻlib ketadi.
Alijon ABDUSATTOROV,
oʻz muxbirimiz.
Jizzax viloyati.
