Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov rahbarligidagi ishchi guruh ikki kun davomida Fargʻona viloyatida boʻlib, ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, kadrlar bilan taʼminlash, xodimlarning kasbiy va jismoniy tayyorgarligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrgandi.

Oʻrganish jarayonida ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi doirasida amalga oshirilgan tarbiyaviy, targʻibot-tashviqot ishlari, psixologik va ijtimoiy-huquqiy faoliyat, madaniy tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, ishchi guruh shahar-tuman IIBlaridagi “Vatanparvarlik burchaklari” qanday tashkil etilgani va “Vatanparvarlik kuni” tadbirlari qanday oʻtkazilayotgani, xodimlar oʻrtasida mutolaa madaniyatini yuksaltirish, tizimda kitobxonlikni keng targʻib qilish borasidagi ishlar hamda tashkil etilgan kutubxonalarni koʻzdan kechirdi.

Shuningdek, “xodimbay” ishlash tizimining samaradorligi, ichki ishlar organlarida “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun hujjatlariga amal qilinishi, sohaga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish, boʻsh lavozimlarni jamlash va kadrlar zahirasini shakllantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar ham ishchi guruhning eʼtiborida boʻldi.

Xodimlarni boshlangʻich qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi tadbirlar, shaxsiy tarkibning kasbiy va jangovar tayyorgarligi boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarining oʻtkazilishi hamda saf tayyorgarligi holati, “Workout” sport maydonchalarining barpo etilganligi va xodimlar bilan oʻtkazilgan jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlari ham vazir oʻrinbosari tomonidan puxta oʻrganilib, zarur tavsiyalar berildi.

Shu kuni IIV Fargʻona akademik liseyida tashkil etilgan uchrashuvda vazir oʻrinbosari oʻquv jarayoni va maʼnaviy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan ishlarni koʻzdan kechirib, faol yoshlar bilan muloqot qildi. Oʻquvchi yoshlarga puxta bilim olish, koʻp kitob oʻqish borasida maslahatlar berdi.

Oʻrganish natijalari boʻyicha hududiy ichki ishlar organlarining birinchi rahbarlari hamda ularning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, shahar-tumanlarda xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi. 

Yigʻilish davomida aniqlangan kamchiliklar muhokama etilib, ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, sohada xizmat qilayotgan bir guruh faol xodimlar munosib ragʻbatlantirildi.

Anvarjon ABDURAHIMOV,

leytenant.

Fargʻona viloyati.