Zomin dor yoʻli, mashhur «Suffa 2400» tekisligi, Milliy bogʻni koʻrishga kelgan sayyoh borki, bizning boʻlimimiz uchun maxsus qurilgan binoga koʻzi tushadi. Bu yerda turistik axborot markazi mavjud boʻlib, sayyohlar eng koʻp qiziqish bildiradigan joylar turizm politsiyasining tezkor guruhlari tomonidan tun-u kun qoʻriqlanadi. Har bir xodim biror xorijiy tilni biladi. Chet elliklar bilan tarjimonsiz, samimiy muloqot oʻrnatishi sabab xodimlarimiz ularda yorqin taassurot qoldiradi. Muhimi, ular sayyohlarga tezkor yordam koʻrsatishga shay.  

Zomin tumanida turistik infratuzilma obyektlari umumiy soni 147 ta boʻlib, shundan muzey, ziyorat turizmi obyektlari, arxeologiya, arxitektura, monumental sanʼat yodgorliklari kabi bir-birini takrorlamaydigan maskanlar mavjud. Bundan tashqari, 140 ta joylashtirish vositasi faoliyat yuritmoqda. Barcha obyektlar sayyohlik rivojiga qaratilayotgan eʼtibor sabab yil boʻyi gavjum. Bu esa turizm namoyishi obyektlari va infratuzilmasi hududlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashda alohida yondashuvni talab qiladi. 

Sayyohlik politsiyasi – mamlakatning yuzi. Shu sabab boʻlimimizda ishlashni istaganlarning tashqi qiyofasi, oʻzini tutishi, chet tillarini bilishi, tezkor va oqilona yechim topish qobiliyati alohida qadrlanadi. Men ham turk tilini oʻrgandim, ichki ishlar organi xodimi sifatida kasbiy va shaxsiy rivojlanish yoʻlidaman. 

Oʻzbekiston – xavfsiz turizm mamlakati. Bu allaqachon bir necha xalqaro tashkilotlarning yillik hisobotlarida qayd qilingan. Ana shu nom barqaror saqlanib turishi, goʻzal Jizzaxga kelgan sayyoh uning xushfeʼl odamlari, betakror tabiati, tansiq noz-neʼmatlari bilan birga, ajoyib imijga ega turizm politsiyasi haqida ham yorqin taassurotga ega boʻlishi – asosiy maqsadimizdir. 


Umida EGAMOVA,

Jizzax viloyati IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlimi inspektori, mayor.