Qarshi Osiyo texnologiyalari universiteti hamda Toshkent qishloq xoʻjaligini irrigasiyalash va mexanizasiyalari institutining Qarshi filialida “Qurol va pirotexnika vositalaridan foydalanmaslik” mavzusida huquqiy-profilaktik tadbir boʻlib oʻtdi. Unda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi JXX JTSB xodimlari, oliygoh prorektorlari, dekanlari va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda qurol toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga kiritilgan qoʻshimchalar haqida maʼruza qilinib, qurol saqlash, olib yurish, foydalanish, realizasiya qilish tartib va qoidalari ishtirokchilarga atroflicha tushuntirildi.
Xuddi shuningdek, 2024-yil 28-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonuniga asosan, pirotexnika vositalaridan foydalanish tartiblariga amal qilish, noqonuniy saqlash, olib yurish, foydalanish tartiblari va qonunchilikda javobgarlik masalalari haqida ishtirokchilarga tushunchalar berildi.
Tadbirda mavzular yuzasidan ishtirokchilarning savollariga atroflicha javob berildi.
Oʻz muxbirimiz.
Qashqadaryo viloyati.
