– 1969 yili Rossiyaning Kirov viloyatida muddatli harbiy xizmatni oʻtab qaytgach, roʻyxatdan oʻtish uchun mudofaa boʻlimiga bordim, – deydi lavhamiz qahramoni. – U yerda bir kapitan bilan shundoq yoʻlakda suhbatlashib qoldik. Menda hali harbiy xizmat kayfiyati tarqamagan, egnimda askarlik kiyimi edi. U menga sinchkovlik bilan boqib, «Bizga ishga kirasanmi?», dedi va sohaga kadrlar toʻplanayotganini tushuntirdi. Toʻgʻrisi, meni Toshkent gidroelektr stantsiyasidagi uch yil oldingi ishim – slesarlik kutayotgan edi, chunki xizmatga ketganimda oʻrnim saqlab qolingandi. Biroq kapitanning yuzidagi va soʻzidagi qatʼiyatga havas qilib, hujjatlarimni topshirishga shu ondayoq qaror qildim.
Shu kutilmagan taklif bilan tizimga qadam qoʻydim. oʻttiz yildan ortiq vaqt mobaynida ichki ishlar organlarida oddiy xodimlikdan rahbarlik lavozimlarigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtib, yorugʻ yuz bilan pensiyaga chiqdim.
Isteʼfodagi general-mayor Erkin Norgitov faoliyati davomida bor bilim va kuch-gʻayratini ayamay, Toshkent shahar IIB yongʻindan saqlash boshqarmasi boshligʻi, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, Namangan viloyati IIB boshligʻi, Toshkent shahar IIBB boshligʻi hamda IIV Akademiyasi boshligʻining oʻrinbosari singari masʼuliyatli lavozimlarda sidqidildan xizmat qildi. Jonkuyarligi, chuqur mulohazasi va oʻziga xos ish uslubi bilan hamkasblari hamda rahbariyatning eʼtibori va hurmatiga sazovor boʻldi.
Yurtimiz mustaqilligining dastlabki yillarida xususan, 1993 yili Namangan viloyati IIB boshligʻi lavozimiga tayinlangan vaqtda hududdagi vaziyat ancha murakkab boʻlib, diniy ekstremistik guruhlar bosh koʻtara boshlagan edi. Aqidaparastlar xalqni amaldagi hokimiyatga qarshi qayrab, osoyishtalikni izdan chiqarishga harakat qilardi. Shunday tahlikali va qaltis vaziyatda Erkin Norgitov aslo esankirab qolmadi. Tezda vaziyatni qoʻlga olib, qora niyatli kimsalarning rejalarini chippakka chiqarish uchun tizimdagi kamchiliklarni chuqur oʻrgandi, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratdi. Koʻrilgan qatʼiy chora-tadbirlar samarasi oʻlaroq, hududda jinoyatlar soni sezilarli darajada kamaydi, ularni fosh etish koʻrsatkichi ortdi. Ayniqsa, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi keskin kamayishiga erishildi. Mana shunday fidokorona xizmatlari munosib baholanib, Erkin Norgitov Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining
1994 yil 13 martdagi Farmoni bilan «general-mayor» unvoniga sazovor boʻldi.
– Ichki ishlar organlaridek masʼuliyatli sohani tanlashda shunchaki qiziqish yoki xohishning oʻzi kamlik qiladi, – deydi isteʼfodagi general-mayor Erkin Norgitov. – Xodimning asosiy vaqti xalq ichida oʻtadi. Shu bois u keng jamoatchilik bilan tillashishni, odamlarni tinglashni bilishi shart. Men uzoq yillik faoliyatim davomida odamlarga yaqin boʻlishga, ularning dardini tushunishga bor kuchimni sarfladim va bugun bosib oʻtgan yoʻlimga nazar solib, qalban qoniqish hiscini tuyaman.
Insonning bagʻri keng, niyati pok boʻlsa, taqdir yoʻllarida hamisha yaxshiliklar unadi. Qahramonimiz oilada ham mehribon ota va mustahkam suyanch boʻla oldi. Turmush oʻrtogʻi, oxiratlari obod boʻlsin, Hamida aya bilan birga bir oʻgʻil va ikki qizni el koriga yaraydigan yetuk insonlar qilib tarbiyaladi. Oilaning yagona oʻgʻli Shuhrat Norgitov ota izidan borib, ichki ishlar organlarida samarali xizmat qildi va polkovnik unvonida isteʼfoga chiqib, munosib izdosh boʻldi. Qizlari – Muhabbat va Dilobarxon esa pedagoglik kasbini tanlab, yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga umrlarini baxsh etdi.
Ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi general-mayor Erkin Norgitov yaqin kunlarda tabarruk sakson yoshni qarshilaydi. Bu shunchaki yillar silsilasida bosib oʻtilgan oddiy raqamlar yoki sakson yillik hayot chizigʻi emas. Bu – har bir kuni Vatan ravnaqiga, xalqimizning farovon va osuda hayotini taʼminlashdek muqaddas maqsadga bagʻishlangan sermazmun hayotnomadir.
Lavhamiz qahramoni bugun ham oʻzining yuksak insoniy fazilatlari, boy tajribasi va yurak qoʻrini shogirdlariga hamda yosh avlod qalbiga singdirishdek sharafli yoʻlda odimlamoqda. Sakson yoshli donishmandlik dovonida turib ham, xuddi oʻsha yigirma yoshli askarning shijoati va Vatan ishqi bilan mehnat qilayotgan generalning hayot yoʻli – bugungi va ertangi avlodlar uchun burchga sadoqatning tirik timsolidir.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
oʻz muxbirimiz.