Denov tumanida yashovchi Oʻrinboy Shaymanov (ism-sharifi oʻzgartirilgan) ancha vaqtdan beri ishsiz. Yotib yeganga togʻ ham chidamaganidek, Oʻrinboyning ham yiqqan-terganlarining tagi koʻrinib qoladi. Biror foydali ish izlash oʻrniga, u tez va oson pul topish istagida yonadi. 

Shu oʻy bilan u tanishlaridan Shoʻrchi tumanidagi Oqkamar mahallasida yashovchi Otabek Shoimovning mashina olish niyati borligidan xabar topadi. Darhol ishga kirishadi. Garovda turgan “Lasetti” rusumli avtomashinasini O.Shoimovga 90 million soʻmga pullaydi, ammo rasmiylashtirib bermasdan, aldab yuradi. Shoʻrchi tumanidagi Kushon mahallasida yashovchi Bahodir Azizovga esa “Kobalʼt” avtomashinasi olib berishni vaʼda qilib, undan 2500 AQSh dollari va 30 mln. soʻm pulini olib, oʻzlashtirib ketadi. 

“Tinib-tinchimagan” Oʻ.Shaymanov Qumqoʻrgʻon tumani Islomobod mahallasida yashovchi M.Mamanovni ham chuv tushirishga muvaffaq boʻladi. U M.Mamanovga Oltinsoy tumanidagi dorixona binosini sotib olishni vaʼda qilib, jami 20 mln. soʻm va 4000 AQSh dollari pulini olib, oʻzining ehtiyojlariga ishlatib yuboradi. 

Axiyri qoʻlga tushgan Oʻ.Shaymanovga nisbatan tuman IIB tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Endi qilmishiga yarasha javobgarlikka tortiladi.

Feruza RAHMONQULOVA,

“Postda” muxbiri.

Surxondaryo viloyati.