Joriy yilning 10-11 aprelʼ kunlari Termiz shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash boʻyicha al Hakim at-Termiziy xotirasiga bagʻishlangan XV xalqaro turniri oʻtkazilmoqda. Unda 28 ta davlatdan 60 nafar nomdor polvonlar gilamga tushishadi. Ishtirokchilar ichida 12 nafar ayol kurashchilar ham bor.

Har ikki yilda Termiz shahrida oʻtkazilib kelinayotgan xalqaro turnir dunyoning toʻrtta qitʼasida ham katta qiziqish uygʻotmoqda. Bu yil anʼanaviy turnirning umumiy mukofot jamgʻarmasi 100 ming AQSh dollari etib belgilangan. Har bir vazn toifasida gʻoliblar 3 ming, 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan sportchilar 2 ming, ikkita 3-oʻrin sovrindori 1000 AQSh dollari miqdorida pul mukofotiga sazovor boʻladi. Mutlaq vaznda gʻolib boʻlgan polvon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 10 ming AQSh dollarini qoʻlga kiritadi. 2-oʻrin egasiga 5 ming, ikkita 3-oʻrin sovrindorlariga 3 ming 500 AQSh dollar miqdorida pul mukofoti topshiriladi.

Kecha Termiz xalqaro aeroportida turnir ishtirokchilari, xorijdan kelgan hakamlar va OAV xodimlari tantanali kutib olindi. Mehmonlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan boʻlib, ularning xavsizligini taʼminlash uchun viloyat IIB xodimlari ham jalb etilgan boʻlib, ular kutib olish marosimidan tortib, kurash musobaqalari oʻtkaziladigan Alpomish stadionida, Termiz shahridagi asosiy koʻchalarda xizmat olib borishmoqda. 

— Xususan, Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi tomonidan

ham 18 nafar xodim mehmonlarga biriktirilgan, — deydi viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi boʻlinma boshligʻi, kapitan Farrux Qodirov. — Shuningdek, 5 ta skuter, 5 ta motosikl, 6 ta tigvey, 4 ta yengil avtomobilʼ hamda 1 ta mini avtobus ham turnirga tashrif buyurgan mehmonlarni kuzatib yurish va ularning xavfsizligini taʼminlash uchun ajratildi.

Qolaversa, hududda joylashgan tarixiy qadamjolar va obidalarga olib borilib, xorijlik qatnashchilarga chet tilida Oʻzbekistonning buyuk oʻtmishi tarixiy shaxslari haqida soʻzlab berildi. Turizm namoyishi obʼektlari joylashuv xaritasi aks ettirilgan tarqatma material bukletlar tarqatilib, tashrif buyurgan mehmonlarga kerakli maʼlumotlar berib oʻtildi.

— Oʻzbekistonga 4 bor kelishim, — deydi Kongo demokratik

respublikasi Milliy kurash federatsiyasi prezidenti, Afrika kurash tashkiloti vise-prezidenti Fransis Yafali (Francis Yafali). — Birinchi bor biznes sayohat orqali kelgan boʻlsam, keyingi tashriflarim xalqaro turnirlar bilan bogʻliq. Kongoda ham kurash musobaqalari yilda ikki marta oʻtkazilib turiladi. Mazkur turnirda qatnashish uchun oʻzim bilan 70+ hamda 73 vazn toifasida ikkita sportchini olib kelganman. Ulardan biri ayollar oʻrtasida oʻtkaziladigan bahslarda ishtirok etadi. Pandemiya sharoiti boʻlishiga qaramay, Oʻzbekistonda bizni samimiy kutib olishganidan xursandmiz. Ayniqsa, xavfsizligimizni taʼminlash uchun maxsus xodimlarning bizga hamroh boʻlishgani, ularning xushmuomalaligi bizda yaxshi taassurot uygʻotdi.

Albatta, bu saʼy-harakatlar xorijlik qatnashchilar bilan bogʻliq hech qanday koʻngilsiz hodisalar sodir etilmasligining oldini oladi. 

Feruza Rahmonqulova,

“Postda” muxbiri.

Surxondaryo viloyati.