Xalqimiz tilida “Egri kaltakdan toʻgʼri soya tushmas” maqoli bejizga yaralmagan. Nega deyishga aslo shoshilmang. Chunki Navoiy viloyati Xatirchi tumani Quchchi mahallasida yashovchi M.Tning qilmishi aynan shu maqolning hayotdagi bir koʼrinishi boʼldi-da.
Xullas, M.T anchadan buyon rejalashtirib yurgan egri maqsadini amalga oshirish uchun uzoqqa bormadi. Mahalladoshi E.Mning chorvalari boqiladigan yaylovga serqatnov boʻlib, vaziyatni zimdan oʼrgandi. Shunday kunlarning birida E.Mning ikki bosh qoramolini oʼgʼirlab, oʼsha kuniyoq mol bozorida oʻn bir million soʻmga pullab yubordi.
Xatirchi tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari natijasida yoʻqolgan mollar, uni sotib olgan shaxsning uyidan topildi. M.T endigina 18 yoshni qarshilagan. Togʼni ursa, talqon qilgudek kuchi, savlati bor. Achchiq haqiqat shuki, u bilim olib, kasb egallaydigan bir paytda qilmishlari badalini toʼlashi aniq.
Hozirda M.Tga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan.
Maxliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
