Yoshlar – kelajak bunyodkori
Adham Odilov 2016 yili IIV Akademiyasini tamomlab, Navoiy viloyati Konimex tumani IIB huzuridagi TB surishtiruvchisi sifatida xizmat faoliyatini boshlagan edi. Ikki yil mobaynida muayyan tajriba toʻplagach, uni Zarafshon shahar IIB huzuridagi TB katta surishtiruvchisi lavozimiga tayinlashdi. 2019 yildan buyon esa Konimex tumani IIB huzuridagi TG katta tergovchisi lavozimida xizmat qilmoqda.
Kapitan Adham Odilov oʻtgan yil mobaynida 33 ta jinoyat ishi boʻyicha tergov harakatlarini olib borib, 25 ta jinoyat ishini ayblov xulosasi hamda tomonlarning yarashganligi munosabati bilan sudga yubordi. Mazkur jinoyat ishlari boʻyicha jabrlanuvchilarga yetkazilgan 300 million soʻmlikdan ortiq moddiy zarar toʻliq undirilishiga erishdi. Joylarda jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish boʻyicha 70 ga yaqin uchrashuvlarda qatnashdi.
– Jinoyatga jazo muqarrarligini, fuqarolarning haq-huquqlarini taʼminlash ichki ishlar organlari xodimlari zimmasidagi mashaqqatli va sharafli burchdir, – deydi kapitan A.Odilov. – Fuqarolarimizni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish bizdan kasbiy mahorat va yuksak bilim talab etadi. Tergovchining muvaffaqiyati tinimsiz izlanishda boʻlishi, bilim saviyasini, tajribasini kundan-kunga oshirib borishiga bogʻliq. Tanlagan kasbimdan har doim faxrlanaman.
Joriy yilda B.R. tuman hududida oʻgʻrilik jinoyati sodir etib, unga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan edi. Lavhamiz qahramonning mahorati tufayli gumon qilinuvchi qoʻlga olindi. Kapitan Adham Odilov hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlarini olib bormoqda.
Shu oʻrinda uning faoliyatiga yana bir misol keltirsak. Konimex tumani IIBga joriy yil boshida «Yuksalish» mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi fuqaro Ye.U. ariza orqali murojaat etdi. U oʻz arizasida xonadonidan nomaʼlum shaxs qariyb 13 million soʻmlik narsa-buyumlarni oʻgʻirlab ketganligini maʼlum qilgan. Kapitan Adham Odilovning saʼy-harakatlari tufayli sodir etilgan jinoyat «issiq izida» fosh etilib, gumon qilinuvchi A.I.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Mahoratli tergovchi vazifasiga har doim vijdonan yondashadi. Oʻziga talabchanligi hamda tirishqoqligi, kasbiy mahoratini muntazam oshirib borishi xizmati davomida qoʻl kelmoqda. Eng muhimi, tanlagan kasbi tufayli odamlarning mushkulini oson qilayotganidan, adolat qaror topishiga hissa qoʻshayotganidan mamnunlik tuyadi. U oila atalmish muqaddas qoʻrgʻonning himoyachisi, farzandiga namuna boʻla oladigan ota. El koriga yarash, ezgulikka xizmat qilish – aslida chinakam baxt shu emasmi?!
Dilrabo ABDUHAMIDOVA,
safdor.
Navoiy viloyati.
