Oʻtgan yili tuman IIB xodimlari jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida koʻplab ijobiy yutuqlarga erishdi. Jumladan, nomusga tegish jinoyati umuman sodir etilmadi. Oʻgʻrilik, bezorilik, firibgarlik va iqtisodiy jinoyatlar hamda oʻlim bilan bogʻliq boʻlgan yoʻl-transport hodisalari soni sezilarli darajada kamaydi. Quvonarlisi, 11 ta mahallada jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi. 

Hozirgi kunda «qizil» toifaga kiritilgan mahallalarda sodir etilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish boʻyicha sektor rahbarlari masʼulligida izchil ish olib borilmoqda. Shuningdek, jinoyat sodir etishga moyil fuqarolar bilan ishlash tizimi yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Mehnat bilan band boʻlmagan fuqarolarni ish bilan taminlashga ham alohida etibor qaratilgan. 

– 2022-yilning yanvar oyida yangi maʼmuriy binoga koʻchib oʻtdik, – deydi tuman IIB boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Dilshod Husanboyev. – Zamonaviy talablar darajasidagi ushbu binoda xodimlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 

Maʼmuriy binoga tutash Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmasi ham zamonaviy anjomlar bilan taʼminlangan. Xizmat yuzasidan bu yerga kelgan fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratilganini koʻrib, ochigʻi, juda quvondik. Xodimlar bilan suhbatlashib, ular olib borayotgan xizmatlaridan mamnunlik hissini tuydik. 

– Navbatchilik qismini ichki ishlar organlarining yuragi deyish mumkin, – deydi mazkur xizmat katta navbatchi-inspektori, kapitan Jasur Saidov. – Bizning faoliyatimiz hamisha tezkorlikni talab qiladi. Kelib tushgan tashvishli xabarni zudlik bilan qabul qilib, tergov-tezkor guruhini voqea joyiga joʻnatish birinchi vazifamiz sanaladi. Shu sababli biz hamisha sergak turib, el tinchligi yoʻlida xizmat olib boramiz. 

Abu KENJAYEV,

oʻz muxbirimiz.