Yangi yil bayrami va dam olish kunlari koʻcha va xiyo­bonlar, istirohat bogʻlari hamda savdo maj­mualari har qachongidan gavjum boʻldi. Yurt­doshlarimizning emin-­erkin, tinch va xotirjam bayram nishonlashlari uchun ichki ishlar organlari xodim­lari koʻchalarda, jamoat maskanlarida tun-u kun hushyor holatda xizmat olib borishdi.

Fargʻona viloyati IIB 

Birinchi mintaqaviy hudud saf boʻlinmalari yoʻl-patrul xizmati otryadi 1-safarbar guruhi inspektori, safdor Nabijon Kamolovni ham Fargʻona shahar koʻchalarida uchratdik. Qosh qoraygan, izgʻirin va sovuq havo boʻlishiga qaramay, yoʻllarda tirbandliklarning oldini olish maqsadida avtotransport vositalari harakatini tartibga solayotgan bu yigit xalqqa munosib xizmat qilishni sharafli burch deya taʼrifladi.

– Egnimizga ichki ishlar organlari kiyimini kiyib, el xizmatiga otlangan ekanmiz, demak, bu bizning muqad­das burchimiz. Fuqarolarimiz yoʻllarda bexavotir harakatlansa, koʻngilsiz ho­disalar sodir boʻlmasa, oʻz burchimizni sidqidildan ado etayotgan boʻlamiz. Bayram kunlari masʼuliyatimiz ikki hissaga oshdi, ammo charchaga­nimiz, sovqotganimiz yoʻq. Odamlarning koʻtarinki kayfiyati, koʻzlaridagi quvonch, iliq mehri bizga kuch berib turibdi.

Maʼlumot uchun aytish zarurki, safdor Nabijon Kamolov Toshloq tumanida tugʻilib oʻsgan. Ichki ishlar organlaridagi ilk xizmat faoliyatini 2017-yilda qoʻriqlash xiz­matida boshlab, 2019-yildan buyon yoʻl-patrul xizmatida munosib davom ettirib kelmoqda.

Abduvosit SIDIQOV,

oʻz muxbirimiz.

Fargʻona viloyati.