Ushbu surat 2006 yil 20 iyun kuni IIV Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurti hovlisida tarixga muhrlangan. Esimda, oʻsha kuni ushbu bilim yurtida navbatdagi tantanali bitiruv marosimi boʻlib oʻtdi. Bitiruv tadbiri tugagandan soʻng IIV yongʻin xavfsizligi oliy texnik maktabi boshligʻi, general-mayor Matrasul Sobirov meni chaqirtirdi.
– Charchamadingmi, bizniyam bir suratga ol, – dedilar. U kishining yonida IIV Akademiyasi boshligʻi, general-mayor Tohir Mullajonov va IIV Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurti boshligʻi, general-mayor Shuhrat Niyazov turar edi.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, suratda minglab ofitserlarning ustozlari, zabardast generallar savlat bilan, samimiy turishibdi. Ular mustaqil Oʻzbekistonga yetuk va vatanparvar kadrlarni yetkazib bergan, eng nufuzli huquqni muhofaza qiluvchi oliy, harbiy taʼlim dargohlarning rahbarlari boʻlishgan.
Suratning chap tomonidagi marhum general-mayor Matrasul Sobirov va oʻng tarafdagi marhum general-mayor Shuhrat Niyazovlarni bugun shogirdlari ularning kasbiga fidoyiliklarini, ezgu amallari va xayrli ishlarini tez-tez eslashadi.
Oʻrtada turgan general-mayor Tohir Mullajonov hamon safda boʻlib, bugungi kunda IIV Akademiyasida tinglovchilarga taʼlim, tarbiya berib, boy tajribasini yosh xodimlarga oʻrgatib kelmoqda.
Harbiylarda «Generallikni orzu qilmagan askar askar emas», degan bir gap bor. Shu insonlardek general boʻlishni kim orzu qilmagan deysiz. Bunday ustozlarni yaxshilik bilan eslash barcha shogirdlar burchidir.
Abu KENJAYEV,
fotomuxbir.
