Leytenant M.Ahmedov xizmat faoliyati davomida ana shunday hushyorlik namunalarini namoyon etib kelmoqda. 

Qorakoʻl tumani Chandirobod qishlogʻida tavallud topgan Mavlud­jon muddatli harbiy xizmatni oʻtagach, Buxoro davlat universitetiga oʻqishga kirdi. Oliy malumotli mutaxassis Buxoro shahridagi 35-sonli umumtaʼlim maktabida avval oʻqituvchi, soʻng Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimlarida ishladi. Toʻngʻich akasi Maʼrifjon 7532-harbiy qism xodimi boʻlgani va harbiylikka ishtiyoqi sabab 2021-yilning dekabr oyida oʻtkazilgan tanlovda ishtirok etib, hozirgi vazifasida xizmatga qabul qilindi.

M. Ahmedovga tajribali profilaktika katta inspektori, kapitan 

A. Rahimov murabbiy etib biriktirildi.

Unga biriktirilgan «Guliston» mahallasi «qizil» toifada boʻlib, ustozidan erinmay sohaning sir-asrorlarini, jinoyatga moyilroq va profilaktika hisobida turuvchi shaxslar bilan profilaktik suhbatlar olib borishni oʻrgandi. Birinchi yildanoq mahallani «qizil» toifadan «yashil» toifaga aylantirdi. Joriy yilning shu davrigacha esa jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi. 

Lavhamiz qahramoni xizmat koʻrsatayotgan mahalla tuman markazida joylashgan. Mahalla faollari bilan hamjihatlig-u hamkorligi hamda katta-yu kichikni birday hurmat-u eʼzozlab kelayotganidan, leytenant 

M. Ahmedov tuman va viloyat miqyosida oʻtkaziladigan tadbirlarda hamda musobaqalarda faol ishtirok etmoqda. Jumladan, 2022-yil viloyat ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida boʻlib oʻtgan kurash musobaqasida 70 kg vaznda faxrli birinchi oʻrinni egalladi. Yana shu yili «Eng yaxshi kitobxon» tanlovining respublika bosqichida IIVning faxriy yorligʻi hamda esdalik sovgʻasi bilan taqdirlanganini alohida aytib oʻtish joiz. 

Bir soʻz bilan aytganda, leytenant Mavlud Ahmedov el-yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida fidoyilik koʻrsatib xizmat qilmoqda. Uning xizmatidan esa aholi doimo minnatdor boʻlib kelyapti. 

Mirzoqul AHADOV,

oʻz muxbirimiz.

Buxoro viloyati.