Lavhamiz qahramoni urgutlik Barot aka hamda Tojixol opaning ahil-inoq­likdagi oilasida oʻsib ulgʻaygan olti farzandning ikkinchisi. U kelajagini ichki ishlar organlaridek mashaqqati bisyor sohada koʻrib, 2002-yilda IIV Akademiyasining jinoyat qidiruv yoʻnalishiga hujjatlarini topshiradi. Tahsilni tamomlab, ilk xizmatini 

2006-yilda Samarqand shahar IIB Huquqbuzarliklarning oldini olish boʻlimi militsiya tayanch punktlari profilaktika inspektori lavozimida boshlagan Gʻulom Islomov oʻziga nisbatan talabchanligi va tirishqoqligi bilan tezda hamkasblari ishonchini qozonadi. Ustozi, isteʼfodagi 

podpolkovnik Ravshan Zohidovdan sohaning oʻziga xos jihatlarini sinchkovlik bilan oʻrganadi.

 – Akademiyada oʻqigan nazariy bilimlarimni ilk xizmat boshlaganimda amaliyot bilan uygʻunlashtirish men uchun oson kechgan, – deydi 

podpolkovnik Gʻulom Islomov. – Chunki ustozim nihoyatda jonkuyar edi. Xizmatni har tomonlama toʻkis va sifatli bajarishda uch muhim jihat – zukkolik, ziyraklik va tezkorlik boʻlishi kerakligini uqtirardi. Oʻrni kelganida, sodir boʻlgan holatlarning har bir jihatini tahlil qilib, yoʻl-yoʻriq koʻrsatishdan erinmasdi. Ustozning maslahatlariga amal qilib, kam boʻlmadim. Bugun oʻzim ham mayorlar – Farrux Xushvaqtov, Azamat Yoʻldoshev singari shogirdlarim bilan yillar davomida orttirgan tajribamni boʻlishaman. Xizmat sifatining oshishi xodimlarning bir-biri­ni qoʻllab-quvvatlab, hamjihatlikda faoliyat yuritishiga bogʻliq ekanligini yoshlarga tushuntiraman. 

– Ushbu koʻrik-tanlov kasbning haqiqiy bilimdonlari bahsi boʻldi, – deydi qahramonimiz. – Joylarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ishtirokchilarning har biri salohiyati yuqori xodimlar edi. Menga gʻoliblik nasib qilganidan xursandman. Ushbu muvaffaqiyatni Kattaqoʻrgʻon shahar IIB shaxsiy tarkibining hamjihatlikdagi mehnatlari natijasi deb bilaman. Endilikda ham zimmamizdagi vazifalarni bajarishda yangi kuch-gʻayrat bilan davom etib, bildirilgan ishonchni oqlaymiz. 

 Aytgancha, yaqinda Ichki ishlar vazirligida oʻtkazilgan «Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshligʻi» koʻrik-tanlovining respublika bosqichida podpolkovnik Gʻulom Islomov faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. 

Kasbga sadoqati va oʻziga nisbatan talabchanligi bilan tanlagan sohasining fidoyilaridan biriga aylanib ulgurgan qahramonimiz oilasining suyanchi, farzandlari Shohruxbek, Abrorbek, Shahbozbek, Solihaxonlarga mehribon ota. U rafiqasi Saodatxon bilan farzand­larining taʼlim-tarbiyasi uchun doim qaygʻuradi. Xalqimizda «Qush uyasida koʻrganini qiladi», degan maqol bejiz yaralmagan. Podpolkovnik Gʻulom Islomovning oila qoʻrgʻonida kamolga yetayotgan farzandlar xuddi uningdek, el yukiga yelka tutguvchi, yurt koriga kamarbasta insonlar boʻlib ulgʻayishiga bizning ham ishonchimiz komil.

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA, 

oʻz muxbirimiz.

Samarqand viloyati.