El-yurt osoyishtaligi yoʻlida oʻttiz yildan buyon jonkuyarlik qilib kelayotgan podpolkovnik Sobir Abdu­shukurovning xizmat faoliyatiga nazar solarkanmiz, yoshlar uchun ulkan tajriba maktabi yaralganiga shohid boʻlamiz. 

Tanlagan kasbiga mehri baland boʻlgan lavhamiz qahramoni IIV Akademiyasini tamomlagach, bir muddat mazkur taʼlim muassasasida kursantlarga saboq beradi. Soʻngra poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumani «Guliston» mahallasi profilaktika inspektori lavozimida xizmatni davom ettirib, aholining ishonchi va hurmatini qozonadi.

Faoliyati davomida ichki ishlar organlari jinoyat qidiruv va transportda xavfsizlikni taʼminlash xizmatining turli rahbarlik lavozimlarida fidoyilik koʻrsatgan lavhamiz qahramoni koʻplab jinoyatlarning «issiq izida» fosh etilishiga munosib hissa qoʻshdi.   

Hozirda Toshkent mintaqasi temiryoʻl transportida xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi «Orzu» bekatida xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmasi boshligʻi lavozimida xizmat qilib kelayotgan elparvar inson qoʻl ostidagi shaxsiy tarkib­ga doimo halol-pok boʻlishni, el mehrini qozonish lozimligini uqtirib kelmoqda.

Namunali oila sohibi boʻlgan S.Abdushukurov turmush oʻrtogʻi Munira Abdushukurova bilan ikki oʻgʻil va bir qizni tarbiyalab kelmoqda. Yoshligidan otasining kasbiga havas qilgan toʻngʻich oʻgʻli Sirojiddin Eshpoʻlatov ham ichki ishlar organlari xodimi. Toshkent shahar IIBB YHXB inspektori lavozimida gʻayrat bilan faoliyat olib borayotgan katta leytenant poytaxtimiz koʻchalaridagi avtomobillar harakatini tartibga solish bilan birga, ular oʻrtasida kelib chiqishi mumkin boʻlgan turli koʻngilsizliklarning oldini olishda ham oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.

– «Ota kasb baxt keltiradi» degani rost ekan, – deydi Sirojiddin. – Bugungi kunga kelib, xizmatdagi qiyinchilik va mashaqqatlar bilan birga, uning sharafli va zavqli onlarini ham dildan his etib, sohamga boʻlgan mehrim yanada oshib boryapti.     

Mixli SAFAROV,

oʻz muxbirimiz.