Samarqand shahri boʻyicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida koʻrgazmali seminar mashgʻuloti oʻtkazildi.
Mazkur yoʻnalishdagi ilk bor, eksperiment tariqasida oʻtkazilayotgan seminarda dastlab boshqarma tashkiliy boʻlimi boshligʻi soʻz olib, ushbu tadbirning mazmun-mohiyati haqida toʻxtalib oʻtdi.
Bugun Samarqand shahri IIO FMB tasarrufida 9 ta IIB mavjud boʻlib, shaxsiy tarkib va kuch-vositalar tun-u kun xizmat olib borishadi.
Tashkiliy boʻlimga tegishli xizmatlar tomonidan sutka davomida olingan tezkor maʼlumotlar, tungi xizmatga jalb qilingan shaxsiy tarkib tomonidan amalga oshirilgan ishlar, qayd etilgan jinoyat va hodisalar rahbarga muntazam ravishda yetkaziladi. Bunda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ham muhim oʻrin tutishi aytib oʻtildi.
Shundan soʻng boshqarma HPB boshligʻi soʻz olib, hududlardagi kriminogen vaziyat haqida axborot berdi. Qizil hududlarni sariq yoki yashil toifaga oʻtkazilishida amaliyotda qoʻllanilgan tajribalari bilan oʻrtoqlashdi. Jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda mahalla yettiligi bilan olib borilgan profilaktik jarayonlar misollar yordamida tushuntirib berildi.
Seminarda YPX faoliyati ham oʻrganildi. Yoʻyl transport hodisalrining oldini olish va kamaytirish uchun qilingan ishlar, ularning samaradorligi xususida boʻlim boshligʻining axboroti tinglandi. Yoʻllarda xavfsizlikni taʼminlash, tirbandliklarni kamaytirish, harakat xavfsizligiga eʼtibor qaratish bosh maqsad ekanligi taʼkidlandi. Shahardagi kuzatuv kameralari va tezlikni cheklovchi radarlarning ahamiyati va foydali jihatlari barcha ishtirokchilarga tushuntirildi.
Tadbirda boshqarma boshligʻi ham soʻz olib, oʻzining kunlik ish faoliyati bilan oʻrtoqlashdi. Rahbar xizmat jarayoni borasida har bir jihatga eʼtibor qaratar ekan, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yoʻllangan murojaatlar hech vaqt eʼtibordan chetda qolmasligini taʼkidlab oʻtdi. Har bir murojaat yuzasidan tegishli sohaviy xizmatlarga ijobiy hal etilishi boʻyicha koʻrsatmalar beriladi. Bu boʻyicha kunlik bajarilgan ishlar Samarqand shahar Soʻgʻdiyona maskanida joylashgan 3-sektor shtabida muhokama etilishi ham aytib oʻtildi.
Koʻrgazmali seminarda ishtirokchilari Samarqand shahri boʻyicha IIO FMBda xodimlarning xizmat olib borishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishishdi.
Samarqand shahrining Qorasuv maskanida joylashgan 9-son IIB koʻp ming sonli aholiga xizmat koʻrsatadi. Bu yerda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash va osoyishtalikni saqlashga alohida eʼtibor qaratilib, boʻlim binosi zamonaviy asbob uskunalar bilan jihozlangan. Markazga integratsiya qilingan kuzatuv kameralari orqali koʻplab jinoyat va huquqbuzarliklarning oldi olinadi.
Samarqand shahri miqyosida “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz hudud”, qolaversa, yoʻl transporti bilan bogʻliq hodisalarni oldini olish maqsadida sohaviy xizmatlar bilan hamkorlikda, “Diqqat piyoda”, “Xavfsiz yoʻl” tadbirlari muntazam ravishda olib borilishi ham seminar davomida taʼkidlab oʻtildi.
Mazkur seminardan koʻzlangan maqsad, bugun davlat idoralari bilan xalq oʻrtasidagi munosabatlarning yaqin va uygʻunligi, har bir holatga adolatli va shaffof yondashish, eng asosiysi xalq bilan birga, yonma-yon boʻlib xizmat olib borish kabi ezgu maqsadlar mujassam.
