Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ishtirokida ekologiya va atrof-muhitni yaxshilash, havo ifloslanishining oldini olishga qaratilgan ishlar yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda shu kunlarda hududda yuzaga kelgan vaziyat nafaqat ekologiyaga, balki insonlar salomatligiga ham jiddiy xavf tugʻdirayotgani maʼlum qilindi.
Anjumanda taʼkidlanishicha, havo ifloslanishining 40 foizi tabiiy omillarga, 60 foizi esa inson faoliyatiga toʻgʻri kelmoqda. Shu bois viloyatda 15 kunlik ekologik tadbirlar eʼlon qilingani, ishchi guruhi kecha-yu kunduz faoliyat olib borayotgani aytib oʻtildi.
Tadbirda mavzuga aloqador har bir tashkilotga, jumladan, ichki ishlar organlariga ham tegishli koʻrsatmalar berildi. Jumladan, avtomobillar harakatini nazorat qilish orqali havo ifloslanishining, aholi turar-joylarida chiqindi va hazonlarga oʻt yoqish kabi holatlarning oldini olish vazifalari yuklatildi. Shuningdek, jurnalistlar, blogerlar va axborot xizmatlari xodimlari uchun koʻrik-tanlov eʼlon qilindi. Tanlovda mavzuga doir ijodiy ishlar saralab olinishi va 10 nafar gʻoliblar munosib taqdirlanishi, birinchi oʻrin sohibiga esa avtomobilʼ sovgʻa qilinishi maʼlum qilindi.
Oʻz muxbirimiz. Andijon viloyati.
