Bundan uch yil oldin mayor Maqsudbek Mamatkarimov ushbu mahallaga profilaktika inspektori etib tayinlangan edi. Bunga qadar qoʻshni «Nurafshon» mahallasida besh yil faoliyat olib borgani uchun u qoʻshni hududdagi ahvol bilan yaxshi tanish edi. Shu bois mavjud muam­molarga ijobiy yechim topish maqsadida ishni mahalla fuqarolar yigʻini raisi Bahromjon Otaliqov, hokim yordamchisi Shavkatbek Moʻminov, yoshlar yetakchisi Ulugʻbek Husanov, xotin-qizlar masalalari boʻyicha faol Dilorom­xon Zulunova bilan saʼy-harakatlarni birlash­tirishdan boshladi. Shu­ningdek, mahalla faollari yordamida tayanch punkti binosi taʼmirlanib, komp­yuter texnikasi va yangi mebellar bilan jihozlandi. Bu amaliy ishlar samarasi oʻlaroq hududda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashishda ijobiy koʻrsatkichlarda namoyon boʻldi.

Hozirda profilaktika katta inspektori sifatida faoliyat koʻrsatayotgan mayor Maqsudbek Mamatkarimov, tabiiyki, oʻz-oʻzidan tajribali xodimga aylanib qolmadi. Bunda ustozlari podpol­kovnik Bobirmirzo Qodi­rov va mayor Murodjon Ismoilovning beminnat yordami katta boʻldi. Bugun esa uning oʻzi ustoz. Shogirdlari – profilaktika inspektorlari, leytenantlar Farhod Abdulhakimov va Abdulaziz Foziljonov qoʻshni hududda xizmat qilishadi va zarurat tugʻilganda yordam yoki maslahat soʻrab, unga murojaat qilishadi.

– Kasbimga jon-u dilim bilan bogʻlanganman, – deydi mayor M.Mamatkarimov. – Odamlar orasida boʻlish, ularga ogʻir kunlarida yordam berish, oʻz mehnating, xizmating samarasini koʻrish eng katta baxt.

Boris KLEYMAN,

oʻz muxbirimiz.

Andijon viloyati.