Oshna-ogʻaynilarim orasida gap bilan ish bitiradiganlar bor edi. Qarzdorlardan pul undirish, kimnidir qoʻrqitib masalani hal qilish ular uchun oddiy ish edi. Oʻshalarga havas qilib, safiga qoʻshilib qoldim. Birinchi marta qoʻrquvni boshqaning koʻzida koʻrganimni eslayman. U odamning ovozi titrar, qoʻllari qaltirardi. Men boʻlsam oʻzimni qattiqqoʻl qilib koʻrsatishga urindim. Ich-ichimda esa nimadir sindi. Lekin sir boy bermadim, orqaga qaytmadim.
«Ish»ni bitirgach, vaʼda qilingan pulni oldim. Oʻshanda «Boʻldi, boshqa bunday nomaʼqulchilik qilmayman», – dedim oʻzimga. Lekin odam nafsga bir bor erk bersa, keyin yana bahona topaverar ekan. Shunday qilib, jinoiy guruhning doimiy aʼzosiga aylandim. Pul evaziga yollanib ishladim.
Qoʻlga olingan kunim hamon koʻz oldimda. Qoʻllarimga kishan taqilganda, mashinam, doʻkonim, obroʻyim, topgan pullarim — bari bir lahzada qiymatini yoʻqotdi. Sudya 8 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilganim haqidagi hukmni oʻqiganida, gangib qoldim. Koʻz oldim tinib, na oʻzimni, na atrofdagilarni koʻra oldim.
Qamoqxonada vaqt sekin oʻtar ekan. Bu yerda odam vijdoni bilan yolgʻiz, yuzma-yuz qoladi. U oʻzini alday olmaydi. Oʻtgan umrimni tahlil qilib, oʻylab koʻrsam, eng katta dushmanim boshqalar emas, oʻzim ekanman. Chunki meni tovlamachilik bilan shugʻullanishga hech kim majbur qilmadi. Tanlovni oʻzim qildim, qaror ham oʻzimniki boʻldi...
Oʻshanda obdan mulohaza yuritishga hafsala qilmadim, fursat topmadim. Bugun esa oʻylashga, savollarimga javob izlashga vaqtim bisyor. Koʻz oldimda tez-tez shirintoy nabiram Umarbek gavdalanadi. U koʻpincha mashinamning orqa oʻrindigʻida uxlab qolardi. Hademay katta boʻladi, maktabga boradi. Men esa uning hayotidan 8 yilga oʻchib ketaman. Bugun eng ogʻiri — panjara ortida oʻtirishim emas. Eng ogʻiri — uyat. Farzandlarim, qavm-qarindoshlarim, mahalla-koʻy oldida uyatga qoldim. Umarbek ham ulgʻaygach, bobosi qayerdaligini, nima uchun qamalganini anglab qoladi. Shularni oʻylab pushaymonman.
Agar birov ushbu satrlarni oʻqib, jinoyat koʻchasidan
qaytsa, demak mening kechikkan pushaymonim kimgadir foyda bergan boʻladi. Ozodlikning qadrini uni yoʻqotgan odam yaxshi biladi. Men esa bu haqiqatni juda kech angladim...»
Mahkumning soʻzlarini Mahliyo Xolova
oqqa koʻchirdi.
