Bugun ushbu hududda ikki qardosh xalq oʻrtasidagi aloqalar yaxshi yoʻlga qoʻyilgan, aholi tinch va osoyishta hayot kechirmoqda. Chegara maskanlari eʼtibordan chetda boʻlib kelgan hududlar, qishlogʻ-u ovullarga yangicha nafas olib kirdi. Oilalarga farovonlik kirdi. Iqtisodiyot, tu­rizm sohasi rivoj topdi.Albatta, bu jarayonlar haqida gap ketganda, hududda faoliyat olib borayotgan osoyishtalik posbonlari­ning zahmatli mehnatlarini ham alohida eʼtirof etish joiz. 

«Uchqoʻrgʻon» nazo­rat-oʻtkazish maskani­ga tutash hududlarda jamoat tartibini saqlash Uchqoʻrgʻon tumani IIB JXX profilaktika katta inspektori, mayor Man­surbek Murodov zimmasiga yuklatilgan. 

– Prezident qaroriga muvofiq, chegara postidan fuqarolar ID-karta bilan muammolarsiz qaytib oʻtishi mumkin, – deydi mayor Mansurbek Murodov. – Post kecha-yu kunduz, dam olish kunlarisiz faoliyat olib boradi. Bu yerda bojxona xodimlari, chegarachilar va ichki ishlar organlari xodimlari masʼuliyatli vazifalarni bajarib kelmoqdalar. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, chegara bojxona postlari ochilganidan bu­yon huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etilmadi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, ushbu postlardan shu kungacha Qirgʻiz Respublikasiga 60 mingdan ortiq fuqaro oʻtgan boʻlsa, yurtimizga 70 mingdan ortiq fuqaro kirib kelgan. 

Mazkur hududda xizmat oʻtayotgan. Mansurbek qoʻl jangi boʻyicha sport ustaligiga nomzod, respublika muso­baqalarida gʻolib boʻlgan, erkin kurash bilan ham shugʻullanadi. Rus, ingliz, tojik tillarini mukammal biladi. 

– Jismonan kuchli, baquvvat, aqlan yetuk xodimlarning sohamizda faoliyat olib borishi bugungi kunning talabidir. – Masalan, kecha-yu kunduz odamlar harakatlanadigan hududda turli toifadagi fuqarolarga duch kelamiz. Bizning eʼtiborimizdan hech narsa chetda qolmasligi kerak. Yurtimizga noqonuniy tovarlar, giyohvand vositalari olib kirilishining oldini olishda ham sergaklik, hushyorlik zarur, – deydi lavhamiz qahramoni. 


Gulchehra BUVAMIRZAYEVA,

oʻz muxbirimiz. 

Namangan viloyati.