Yangi hayot ostonasida

Hayotning past-u baland yoʻllarida muammolar girdobidan chiqishning birdan-bir yoʻli ertangi kunga ishonchni yoʻqotmaslik, harakat, oldinga va faqat oldinga olgʻa intilishdir. Sinovlar oldida esankiramay, ertangi kunga umid bogʻlansa bas, xotimasi yaxshi boʻlishi aniq.

Namangan shahar IIB Jinoyat qidiruv boʻlimi tezkor xodimi Hayotbek Hayitboyev ham otasiz, yolgʻiz ona qoʻlida tarbiya topgan boʻlsa-da, ertangi kuni yorugʻ boʻlishiga ishonardi. Bolaligidan onasi uning ichki ishlar organi xodimi boʻlishini niyat qilardi. Ulkan maqsadlar sari intilishdan choʻchimagan Hayotbek IIV Akademiyasini 2021-yilda tamomlab, Namangan shahar IIB Jinoyat qidiruv boʻlimida xizmat faoliyatini boshladi.

Tasodifni qarangki, Hayotbek kasbidan baxtini topdi. Oʻzi bilan birga, bir boʻlimda ishlaydigan hamkasbi leytenant Rayhona Asqarovaga koʻngil qoʻydi. Aslida Rayhonani ham hayot allaqachon oʻz sinovlari bilan sinagan, shu bois u buvisining qoʻlida katta boʻlgan. Xullas, siniq taqdirlari tutashgan yoshlar ahd-u paymon qi­lishdi.

Hayotbek va Rayhonaning visol oqshomi shahar markazidagi «Shodiyona» tantanalar majmuasida boʻlib oʻtdi. Namangan shahar IIB boshligʻi, podpolkovnik Umarjon Abduvaliyev xayrli tashabbusga bosh-qosh boʻldi. Oʻzbekona anʼanalarga koʻra, yosh kelin-kuyovga vakil ota boʻldi.

Toʻkin dasturxon atrofida ikki yoshning baxti toʻkis boʻlishi tilangan davra juda shukuhli boʻldi, bunda odamiylik, mehr-u oqibat mujassam edi.

Yaxshilik, mehr-u oqibat unutilmaydi. Baxtiyor oilaning sohiblari Vatan tinchligini asrashdek masʼuliyatli kasbni tanlaganlariga shukrona kel­tirishdi. Viloyatimizda yana bir mustahkam oila, bir-biriga qoʻshqanot boʻlgan yoshlar oilasi bunyod boʻldi. Biz bu oilaga tinchlik-xotirjamlik va baxt-u saodat tilaymiz.

Gulchehra BUVAMIRZAYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Namangan viloyati.