Fargʻona viloyati IIB rahbariyati Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, xizmat paytida halok boʻlgan xodimlar hamda tizimda uzoq yillar mehnat qilib, hozirgi kunda nafaqada boʻlgan faxriylarning holidan xabar olishga alohida eʼtibor qaratishyapti.

Jumladan, bayram munosabati bilan viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Afzalxon Fozilxoʻjaev, viloyat IIB Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi podpolkovnik Arabboy Usmonov hamda Bagʻdod tumani IIB boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, podpolkovnik Elbek Dolimovlar isteʼfodagi podpolkovnik Abdurazzoq Qosimovning xonadonida boʻlib, faxriyning holidan xabar olishdi.

Uzoq yillar ichki ishlar organlarida kadrlar xizmatida ishlab, nafaqaga chiqqan Abdurazzoq Qosimov shu kunlarda oʻzining 60 yillik yubileyini ham nishonlamoqda. Podpolkovnik Afzalxon Fozilxoʻjaev faxriyga boshqarma rahbariyatining tabrigini yetkazib, uni bayram bilan muborakbod etdi.

Viloyat IIB HPB boshligʻining oʻrinbosari, mayor Dilshoda Oʻrinova boshchiligidagi soha xodimlari ham Margʻilon shahrida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Dadaboy ota Ahmadaliev hamda Qoʻshtepa tumani Shomirza mahallasida yashovchi, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiyning turmush oʻrtogʻi Shahodat Imomalievaning xonadonida boʻlib, ehtirom koʻrsatdilar.

Oʻz oʻrnida, eʼtibor va ehtiromdan shod boʻlgan yurtdoshlarimiz Fargʻona viloyati IIB rahbariyatiga minnatdorlik bildirishdi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.