Davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan respublikamizdagi barcha koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy boshqarmalariga biriktirilgan.
Jumladan, Fargʻona shahridagi koʻzi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati ham viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan otaliqqa olingan boʻlib, boshqarma tomonidan mazkur taʼlim muassasida taʼlim-tarbiya olayotgan bolajonlarga doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatib kelinmoqda.
Yaqinda maktab-internatida Navroʻz bayramiga bagʻishlangan bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Muhitdin Joʻraev ishtirok etib, maktab jamoasini, ota-onlar va oʻquvchi-yoshlarni bayram bilan tabrikladi.
Boshqarma boshligʻi maktab-internatida shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, oʻquv qoʻllanmalari, darsliklar va zarur jihozlar bilan taʼminlash ishlari bosqichma-bosqich hal etilishini taʼkidladi.
Shu kuni oʻquvchi-yoshlar uchun 30 dona brayl doska, 10 dona brayl shaxmat, 10 don brayl shashka, 100 dona grifelʼ (ruchka), 140 dona koʻrpa sovgʻa sifatida taqdim qilindi.
Shuningdek, yoshlarga taʼlim-tarbiya berayotgan 58 nafar ustoz va murabbiylarga ham sovgʻalar topshirildi.
Tadbir davomida internat oʻqituvchi va oʻquvchilari tomonidan Vatanni, tinchlikni, mehr-oqibatni, bahorni tarannum etuvchi qoʻshiq va sheʼrlar ijro etildi. Oʻquvchilar oʻz qoʻllari bilan yasagan gullar va boshqa buyumlarni ustozlari hamda mehmonlarga taqdim etdilar.
Maktab-internati pedagogik jamoasi hamda oʻquvchilari koʻrsatilgan eʼtibor va gʻamoʻrlik uchun Yurtboshimizga, Ichki ishlar vazirligi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatiga minnatdorlik bildirdilar.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
