Konimex tumani Navoiy viloyati markazidan qariyb 200 km olisda joylashgan. “Karakata” ovul fuqarolar yigʻini esa tumanning chekka hududlaridan biri. Mazkur ovulda 1784 nafar aholi istiqomat qiladi. Ulardan 857 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. 

Hududning qishi izgʻirinli, yozi esa jazirama issiq boʻlishiga qaramay, bu yerda uzoq yillardan buyon turli millat vakillari ahil-inoq umrguzaronlik qilishadi. Ovul aholisining deyarli 85 foizi chorvachilik, xususan, tuyachilik va yilqichilik bilan shugʻullanadi. Sababi choʻl sharoiti ziroatchilik bilan shugʻullanishga imkon bermaydi. Baʼzi ayollar chorva hayvonlari junidan roʻzgʻorbop buyumlar, kiyim-kechaklar toʻqishadi. 

Yaqinda 3-sektor rahbariyati tashabbusi bilan tumanda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil etildi. Mutaxassis shifokorlar asosiy eʼtiborni tumandagi ayollar va bolalar salomatligiga qaratishdi. 

– Bir necha yil avval surunkali kasallik tufayli yurishga qiynala boshladim. Roʻzgʻor tashvishi bilan boʻlib, tuman markazidagi tibbiyot muassasasiga borolmadim. Ogʻriqlarim kundan kunga zoʻrayib, axiri yurolmay qoldim. Bugun esa tashkil etilgan chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvidan oʻtdim. Shifokorlarning foydali tavsiyalari menda yana oyoqqa turishimga ishonch uygʻotdi, – deydi 50 yoshli Uraloy Manbetova. 

Konimex tumani 3-sektori mutasaddilari 2022 yil boshidan ovuldagi har bir xonadonda boʻlib, odamlarning yashash sharoiti, ijtimoiy ahvolini oʻrganishdi. Natijada koʻplab ayollarning muammolarini hal etshdi. Masalan, Oʻraloy Manbetovaga malakali muolajalardan soʻng zamonaviy nogironlik aravachasi, Shahnoza Hamidovaga nogiron farzandi uchun bepul dori-darmonlar berildi. Gulshan Seyitova esa subsidiya asosida chorvachilik faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Turmush oʻrtogʻining vafotidan keyin tikuvchilik bilan shugʻullanayotgan Lola Bozorova yangi tikish mashinalik boʻldi. 

Xullas, ovuldagi 50 nafardan ortiq ayollarning taqdiri ularga qaratilgan alohida eʼtibor tufayli ijobiy tomonga oʻzgardi. Muhtojlarga ijtimoiy yordam berildi. Ishsizlarning foydali mashgʻulotlar bilan bandligi taʼminlandi. Bunday gʻamxoʻrlikdan ovul ayollari benihoya xursand.  

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.