Qoʻshrabot tumani IIBda xizmat qilgan faxriylarning bu galgi yigʻini isteʼfodagi mayor Norboʻta Hakimovning uyida boʻldi. «Diydor gʻanimat» deb ataladigan mazkur uchrashuvda marhum Komiljon Sadirov va boshqa oʻtgan barcha hamkasblar xotirlanib, ular haqiga duo qilindi. Soʻngra xizmatda birgalikda oʻtkazgan vaqtlarini, duch kelgan ogʻir va qaltis vaziyatlarni eslashib, oʻtmish xotiralaridan chaqchaqlashishdi. 

Bir vaqtlar Qoʻshrabot tumani Ichki ishlar boʻlimi boshligʻining shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari lavozimida xizmat qilgan isteʼfodagi mayor Komiljon Sadirov ismiga monand keng feʼl, tafakkurli inson boʻlish bilan birga, tashabbuskor, tashkilotchi, koʻpning boshini qovushtiradigan, har bir xodimning yaxshi-yomon kunida yonida turib, qalbidan joy olgan insonlar sirasidan edi. Tabiatan xushmuomala, odamoxun, yuzidan nur taraluvchi bu inson kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilib, maslahat soʻraganga beminnat yoʻl-yoʻriq koʻrsatardi. Qiynalgan kishini koʻrsa, qoʻlidan kelgan yordamini sira ayamasdi. 

Deylik, agar biron kishi gʻizillab uchayotgan vaqt otining jilovini bir pas tortib, oʻtmishini sarhisob qilsa va oʻziga «Xoʻsh, men bu hayotda yashab nima qildim? Kimlar bilan qanday munosabatda boʻldim? Kimlarning koʻnglini oldimu kimlarning dilini ranjitdim», degan savollarni bersa. Albatta, javob qanday boʻlishi har kimning oʻziga ayon boʻladi. 

Ammo, shukrki, Komiljon Sadirov haqida hamkasblari va shogirdlari tomonidan bildirilgan fikrlardan, hech ikkilanmasdan amin boʻlamizki, u kishidan doʻstlari, hamkasblari va fuqarolar minnatdor boʻlgan. 

– Rahmatli Komiljon akaning tanish-bilishlari, doʻstu yorlari koʻp edi. Juda koʻp odam soʻrab kelardi u kishini. Bundan tashqari, boʻlimga murojaat bilan kelganlarni ham Komil akaga duch qilar edik. Chunki Komil aka kelgan odamni koʻrishi bilan, uning nima dardda kelganini sezadigan edi. Shunday boʻlsa-da, shikoyatchining gapini boʻlmay, erinmay, diqqat bilan eshitardi. Soʻng maslahat berardi. Yoʻl-yoʻriq koʻrsatardi. Xullas, murojaatchi ishi bitsa-bitmasa, koʻngli koʻtarilib, xushkayfiyatda ketardi. Bir kuni yigʻlab kelgan odamning uning oldidan kulib chiqib ketganiga oʻzim guvoh boʻlganman, – deb xotirlaydi tuman IIB Navbatchilik qismida ishlagan isteʼfodagi 

mayor Abduraim Abdullayev.

Darhaqiqat, uzoq yillar fidoyilik bilan xizmat qilgan Komil Sadirov yosh xodimlarni tarbiyalab, koʻplab shogirdlar yetishtirdi. Ularning ayrimlari pensiyaga chiqqan boʻlsa-da, aksariyati bugun ham jinoyatchilikka qarshi kurash, uning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashdek masʼuliyatli va sharafli ishlarni amalga oshirib, elimizga sidqidildan xizmat qilishmoqda.

– Ochiq gap, ichki ishlar organiga kirgan kishining bu sohaga birdan kirishib, koʻnikib ketishi oson emas, – deydi isteʼfodagi mayor Norboʻta Hakimov. – Oʻziga xos qatʼiy tartib-intizom, cheklanmagan ish rejimiga moslashishning oʻzi boʻlmaydi. Shunday kezda Komiljon Sadirov ularga ancha bagʻrikenglik qilardi. Koʻngliga yoʻl topib yosh xodimlarda ishga koʻnikma hosil boʻlishiga yordamlashar, qattiq rejimga, tartib-qoidaga moslashtirib, oʻrgatib, koʻniktirib olardi. 

Yaxshi insonlarni, ustoz­larni yod etganda birdan koʻngilga quvonch inadi. Komil akaning pand nasihatlari, ezgu ishlarini koʻp eslaymiz. U kishi «Ey joʻralar, diydor gʻanimat, koʻrishib turaylik, uchrashib turaylik», – degan gapni koʻp aytardi, deb eslaydi shogirdlari. 

Shunday kezda, dunyodan oʻtgan hamkasblarimizni, garchand ular bugun safimizda boʻlmasa-da, xuddi yonimizda turgandek sezamiz. Insondan farzandlar, bogʻ-rogʻlar bilan birga, bir tutam yaxshiliklar qolar ekan.

Komil aka bilan Sayqal ayadan 4 oʻgʻil, 1 qiz qoldi. Jamshidjon Navoiy Kon-metallurgiya kombinatiga qarashli 4-son Gidrometallurgiya zavodida mutaxassis, Dilshodbek Payariq tumanidagi 35-sonli oʻrta maktabda oʻqituvchi, Bekzod va Dilmurodlar esa Samarqand shahridagi UCELL uyali aloqa kompaniyasida turli lavozimlarda xizmat qilishmoqda. Qizi Manzura uy bekasi. 

Ulugʻbek ROʻZIYEV,

isteʼfodagi kapitan.