Surxondaryo viloyati Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi xodimlari bu vazifani sidqidildan ado etib kelishmoqda. Temiryoʻllarda boshqarma xodimlari xizmat olib boradigan hudud 408,6 kilometr masofani tashkil etadi. Mazkur hududdan asosan Toshkent –Termiz – Toshkent, Toshkent – Sariosiyo – Toshkent, Andijon – Termiz – Andijon, Termiz – Sariosiyo – Termiz, Termiz – Boldir – Termiz, Dushanbe – Moskva – Dushanbe yoʻlovchi poyezdlari harakatlanadi. Yoʻlovchilarning, shuningdek, aholining xavfsizligini taʼminlash maqsadida koʻplab profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

– Shuningdek, fuqarolarni qabul qilish, maxsus tergov va qayd etish, intizomiy kengash xonalarida ham bir qator qulayliklar yaratilgan, – deydi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari — Jamoat xavfsizligi boʻlimi boshligʻi, mayor Shavkat Joʻrayev. – Ularning barchasi ovoz yozish apparatlari va kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Qolaversa, moʻjazgina kutubxona hamda ministadion ham xodimlar ixtiyorida. Xodimlarimiz sport bilan shugʻullanishlari uchun imkoniyat yetarli. Bu esa sogʻlom turmush tarzini keng yoyish, xodimlarni chiniqtirish uchun ayni muddao boʻlayotir. 

«Xavfsiz hudud», «Xavfsiz yoʻnalish», «Temiryoʻllarda xavfsiz kun» kabi tezkor-profilaktik tadbirlarda ham boshqarma xodimlari ancha faol. Ular PPX xodimlari bilan birgalikda xizmat hududidagi aeroport hamda temiryoʻl vokzallarini kecha-yu kunduz qoʻriqlab, kirib keluvchi fuqarolarning yuklari, qoʻl sumkalarini sinchkovlik bilan tekshirishmoqda. Vokzal va aeroport hududlarida fuqarolarning maqsadsiz yurishlariga barham berilmoqda. 

Bu saʼy-harakatlarning zamirida fuqarolarning xavfsizligini taʼminlashdek ezgu maqsad yotibdi, albatta. Viloyat Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi xodimlari ana shu maqsad yoʻlida hamjihatlik bilan faoliyat olib borishmoqda. Bu borada yoʻlovchilarning koʻngli toʻq boʻlsin.

Feruza RAHMONQULOVA,

oʻz muxbirimiz.

Surxondaryo viloyati.