Oʻzbekiston Respublikasi IIV oʻrinbosari polkovnik B.Abdullaev Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif yuzasidan Karmana, Navbahor tumanida vazir oʻrinbosari rahbarligida yigʻilish oʻtkazildi. Unda profilaktika (katta) inspektorlari, HPB apparat xodimlari, xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlar, voyaga yetmaganlar boʻyicha inspektor psixologlar hamda tuman IIB rahbar va oʻrinbosarlari ishtirok etdi.
Yigʻilishda hududlarda profilaktika inspektorlari xizmat olib borishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, sohaning moddiy-texnik bazasi tubdan yangilanganligi, axborot almashinuvi va sud majlislarini onlayn tarzda oʻtkazilishida kun sayin qulayliklar yaratilayotgani toʻgʻrisida alohida toʻxtalib oʻtildi.
2021 yilning oʻtgan davri mobaynida mahallalarda sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilindi. Huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga eʼtibor qaratildi.
Yigʻilishda soʻz olgan polkovnik B. Abdullaev xodimlarning xizmat intizomi va qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etishi boʻyicha tavsiyalar bildirdi. Har bir xodim “Yangi Oʻzbekiston kelajagi uchun oʻz hissamni qoʻshaman, sadoqat bilan xizmat qilaman”, degan shiorni qalbiga jo qilib, shijoat va gʻayrat bilan xizmat olib borishi lozimligini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, yigʻilishda profilaktika inspektori oʻzi xizmat olib borayotgan hududdagi har bir insonning dardu-tashvishi bilan yashab ishlash lozimligi toʻgʻrisida toʻxtalib, ishlab chiqarish korxonalari va oʻzining tabiiy qazilma boyliklari bilan mashhur boʻlgan mazkur viloyatda “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da kiritilgan shaxslarni bandligini taʼminlashda jonbozlik koʻrsatishga undadi.
Yigʻilish yakunida biriktirilgan xizmat hududida jamoat xavfsiziligini taʼminlash, mahallada huquq-tartibotni mustahkamlash, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, mahallasida jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻymagan, hududni yashil toifaga kiritishga oʻz hissasini qoʻshgan 36 nafar profilaktika inspektorlari Ichki ishlar vazirligi tashakkurnomasi va pul mukofotlari, mahalliy hokimliklarning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Kunning oxirida Navoiy shahar hududida tungi vaqtda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizdigini taʼminlash boʻyicha viloyat IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi, Milliy gvardiya, FVB bilan hamkorlikda vazir oʻrinbosari shaxsan xizmat oldi yoʻriqnomasi oʻtkazdi, shundan soʻng, jinoyatchilikni oldini olish va jinoyatlarni issiq izida fosh etishda qatnashgan xodimlar mukofotlandi.
Maxliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
