Olmaliq shahar IIB HPB voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologi, katta leytenant Omina Zoitova yuksak masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgan fidoyi xodimlardan biri. Y hamkasbi – boʻlim katta inspektor-psixologi, kapitan Mehriddin Rahmatov bilan birga voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish borasida jonbozlik koʻrsatayotgani bois yuqori natijalar qoʻlga kiritilmoqda. Xususan, shahar hududida oʻsmirlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatlar soni sezilarli darajada kamayishiga erishilmoqda. 

Lavhamiz qahramoni faoliyatida maktablar, ota-onalar va mahalla faollari bilan hamkorlikda tez-tez suhbatlar, tarbiyaviy uchrashuvlar oʻtkazilishi doimiy anʼanaga aylangani quvonarli hol. 

– Oʻsmir xato qiladi, bu tabiiy. Inspektor-psixolog sifatida biz faqatgina nazoratchi boʻlib qolmay, ishonchli maslahatchi, qoʻllab-quvvatlovchi va toʻgʻri yoʻl koʻrsatuvchi boʻlishimiz kerak. Chunki biz tomonimizdan aytilgan bir ogʻiz samimiy soʻz, oʻz vaqtida berilgan toʻgʻri maslahat bolalarning hayotini ijobiy tomonga oʻzgartiradi, – deydi u.

Olmaliq shahrining osoyishta koʻchalarida, maktab ostonalarida kezib yurgan har bir oʻsmirning buguni va ertasi katta leytenant Omina Zoitova kabi qalbidaryo xodimlarning doimiy eʼtiborida. Boshqacha aytganda, kelajak bunyodkorlari ularning ishonchli himoyasida.

Abu KENJAYEV,

fotomuxbir.

Toshkent viloyati.