Ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan Navoiylik ikki nafar qizning milliy mentalitetimizga xos boʼlmagan soʼzlari aks etgan videolavha tarqaldi va koʼplab kuzatuvchilarning haqli eʼtirozi, muhokamalariga sabab boʼldi.
Holatni zudlik bilan Ichki ishlar boshqarmasi oʼz nazoratiga oldi. Surishtiruv harakatlari davomida ular Navoiy shahridagi 10-sonli maktab oʼquvchi qizlari 2005- yilda tugʼilgan J.A. T.J. va R.J. ekanligi aniqlandi. Video 8 sentyabr kuni huquq fani darsida tasvirga olingan.
Ushbu holat yuzasidan Navoiy shahridagi 10-sonli maktab direktori, oʼquvchilarning ota-onalari, shuningdek, Navoiy shahar IIB HPB VEB inspektor-psixologlari ishtirokida muhokama tashkil qilindi.
Qizlarning aytishicha, bu shunchaki hazil tariqasida olingan video boʼlib, hech kim haqoratlanmagan. Ularning ota-onalari esa bu voqeadan taassufda. Qizlar oʼqituvchilari, ota-onasi hamda muhokama ishtirokchilaridan uzr soʼradi. Ammo birgina uzr bilan qilingan xatoni tuzatish imkoni boʼlsa…
Hozirda holat yuzasidan yigʼilgan materiallar qonuniy chora koʼrish maqsadida Navoiy shahar hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar komissiyasiga yuborilgan. Nima boʼlganda ham ularning bu harakati qonunda belgilangan tartibda javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Maxliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
